Ushbu kurs barcha uchun bepul bo‘lib, o‘quvchilar to‘rt oy davomida malakali ustozlardan dars oladi hamda eshitishda va gapirishda nuqsoni bor insonlar bilan amaliyot o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Universitet tashabbusi bilan tashkil qilinayotgan ushbu oflayn kurs imo-ishora tili mutaxassislari tomonidan olib boriladi.

“Ishora tili inklyuzivlik va xilma-xillikni targ‘ib qilishning muhim vositasi va bu kurs odamlarga ushbu qimmatli mahoratni o‘rganishga yordam beradi”, dedi ochilish marosimida Vebster universitetining ijrochi direktori Rasul Rahmonov.

Kurs imo-ishora tilini o‘rganish yoki ko‘nikmalarini oshirish istagida bo‘lgan odamlarga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘qituvchilar ma’ruza, ko‘rgazmali va amaliy mashg‘ulotlardan foydalangan holda o‘quvchilarning malakasini oshirishga yordam berishadi. Shuningdek, kurs imo-ishora tilining asosiy lug‘ati, grammatika va sintaksis kabi bir qator mavzularni o‘z ichiga oladi. Qolaversa, tinglovchilar bepul darsliklar bilan ham ta’minlanadi. Yana bir e’tiborga molik jihati shundaki, o‘quvchilar faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, gapirishda va eshitishda nuqsoni bor insonlar bilan muloqot qilish orqali amaliyot olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Toshkent shahridagi Vebster universiteti rektori Vassilis Polimenis barcha mehmonlarni ushbu maxsus kursning ochilishi bilan tabrikladi va Vebster ta’limning barcha turlarini rivojlantirishda doim o‘z hissasini qo‘shib borishidan faxrlanishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘quv kursini muvafaqqiyatli yakunlab, yakuniy nazoratni topshirgan ishtirokchilarga “Imo-ishora tili va surdotarjimonlik” o‘quv kursini tamomlaganlik haqida sertifikat taqdim etiladi. Kurs davomida nafaqat imo-ishora tilining kelib chiqishi va madaniyati bilan yaqindan tanishish ham o‘quvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.