Vena etnografiya muzeyi o'zbek to'plamini birinchi marta nashr etadi

    Muzey kollektsiyasida O'zbekistonga oid 400 ga yaqin ashyo va 1600 ta tarixiy fotosurat mavjud.

    XIX asr oxiridagi Samarqand va Buxoroning noyob fotosuratlari, shoyi matolardan tikilgan kiyim-kechak namunalari, shuningdek, kulolchilik va zargarlik buyumlari namunalarining boy etnografik kolleksiyasi «O'zbekiston madaniy merosi dunyo to'plamlarida» turkumida ilk bor ikkita kitob shaklida nashr etiladi.

    Bu haqda O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyatining VII xalqaro kongressi doirasida Vena muzeyi direktori, doktor Jonatan Fayn ma'lum qildi.

    Muzey kolleksiyasida O'zbekistonga oid 400 ga yaqin ashyo va 1600 ta tarixiy fotosurat mavjud. Ularning barchasini XIX asr oxirida ekspedisiya a'zolari Frans Xeger va Yozef Troll, shuningdek, Birinchi jahon urushi yillarida O'zbekistonga asir sifatida olib kelingan Fris Vilfortlar yig'ishgan.