Uchrashuvda madaniy-gumanitar, xususan, musiqa, muzey, ilmiy va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari, shuningdek, Oʻzbekiston va Avstriya shaharlarida birgalikda tadbirlar uyushtirish rejalari atroflicha muhokama qilindi.

Elchi Avstriya tomoniga respublika rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston tarixini avaylab asrash va milliy madaniyat hamda sanʼatni targʻib qilishga qaratilayotgan alohida eʼtibor haqidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashar ekan, mamlakatimizda oʻtkazilayotgan xalqaro madaniy tadbirlar, tanlov va festivallarga alohida urgʻu berdi.

Taʼkidlanganidek, “Sharq taronalari” (Samarqand), “Maqom” (Shahrisabz), “Ipak va ziravorlar” (Buxoro), “Gullar festivali” (Namangan), “Xalqaro zargarlik va zardoʻzlik festivali” (Buxoro) va boshqa xalqaro tadbirlar jahon madaniy hamjamiyati orasida tobora ommalashib bormoqda.

Suhbat chogʻida tomonlar Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Vena Davlat operasida “Lazgi - qalb va muhabbat raqsi” milliy baletini sahnalashtirish masalasini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Avstriya xalqlarini ikki mamlakat milliy kinematografiyasining eng sara asarlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ikki mamlakat poytaxtlarida Avstriya va oʻzbek kinosi kunlarini oʻtkazish imkoniyatlari xususida ham fikr almashildi.

Bundan tashqari, Yevropaning madaniy poytaxtida mamlakatimiz sanʼatining salohiyatini ochib berish maqsadida Jahon muzeyida Igor Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyi eksponatlari koʻrgazmasini tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Avstriya tashqi ishlar vazirligi departamenti direktori Tereza Injayn Oʻzbekiston tomonining Venada qator madaniy tadbirlarni tashkil etish boʻyicha takliflarini qoʻllab-quvvatlar ekan, madaniy-gumanitar almashuv orqali ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish uchun zarur boʻladigan koʻmakni koʻrsatishga hamisha tayyor ekanligini bildirdi.