Venetsiya yo'qolib ketish xavfi ostida emas

    Venetsiya UNESCOning yo'qolib ketish xavfi ostida turgan butunjahon merosi obyektlari ro'yxatiga kiritilmadi.

    “Butunjahon merosi qo'mitasi Venetsiya va uning lagunini xavf ostidagi butunjahon merosi ro'yxatiga kiritmaslikka qaror qildi”, — deyiladi tashkilotning Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo'lib o'tgan qo'mita yig'ilishi yakunlari bo'yicha bayonotida.

    Italiya madaniyat vaziri Gennaro Sanjulianoning so'zlariga ko'ra, shaharni ro'yxatga qo'shish obyektiv faktlarga asoslanmagan asossiz qadam bo'lardi – Venetsiya xavf ostida emas. Uning qo'shimcha qilishicha, UNESCO Italiyaning mintaqa muammolarini suv toshqinidan himoya qilish tizimi bilan hal qilishga urinishlarini olqishlaydi.

    Biroq UNESCO shahar va lagun orollarini himoya qilish uchun qo'shimcha harakatlar zarur deb hisoblaydi, deb xabar beradi mir24.tv.

    Ilgari ekspertlar Venetsiyani xavf ostidagi butunjahon merosi obyektlari ro'yxatiga kiritishni maslahat berishgandi. Mutaxassislarning fikricha, shahar infratuzilmasining rivojlanishi, iqlim o'zgarishi oqibatlari, shuningdek, ommaviy turizm Venetsiyaning “o'ziga xos umumbashariy qadriyatiga”ga tahdid solmoqda.