Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalarda koʻp qirrali oʻzbek – venger hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar qishloq xoʻjaligi, suvni tejaydigan texnologiyalar, oziq — ovqat sanoati, farmatsevtika, elektronika, avtomobilsozlik, toʻqimachilik, kimyo va metallurgiya, ilm-fan, innovatsiya va taʼlim kabi sohalarda yangi yuqori daromadli investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini ishlab chiqishni oʻz ichiga olgan qisqa va oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan iqtisodiy masalalarni toʻliq koʻrib chiqdilar.
Sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Vengriya sarmoyaviy doiralarini Oʻzbekiston davlat korxonalari va aktivlarini transformatsiyalash va xususiylashtirish jarayonini jalb etish istiqbollari alohida tartibda muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni qoʻllab-quvvatlash va koʻp qirrali sheriklik yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishildi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning “Wizz Air”, “MasterGood”, “KITE”, “Eximbank”, “Raba” kabi yetakchi venger kompaniyalari va banklari rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.