Muloqot avvalida Botir Zaripov elchiga koʻhna va boqiy Buxoro, Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan koʻp ming yillik tarixiga ega shahar oʻtmishi, azaliy milliy qadriyatlari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro teng manfaatli savdo-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy, ilmiy-innovatsion hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, chunonchi, Buxoroda vengriyalik tadbirkorlarga biznes loyihalarini emin-erkin amalga oshirishlari uchun qulay investitsion muhit yaratib berilayotgani eʼtirof etildi.
Oʻz navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorligini izhor qilgan janob Dyula Kovach yangi bosqichdagi munosabatlar 2016-yil mart oyidan, yaʼni Oʻzbekistonda Vengriya Respublikasi elchixonasi ochilganidan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratilgani, oʻzaro aloqalarning kengayishida parlamentlararo hamkorlik va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarida tashkil etilgan doʻstlik guruhlari muhim ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.
Xususan, davlatlararo oʻzaro aloqalarda savdo-iqtisodiy munosabatlar, sarmoyalar olib kirish ustunlik qilmoqda. Zamonaviy qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va turizm sohasidagi aloqalar kengaymoqda. Iqtisodiyotning boshqa sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Vengriya yetakchi kompaniyalarining ilgʻor tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etgan holda qoʻshma investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda ularni moliyalashtirishga alohida eʼtibor kuchaymoqda.
Shuningdek, Vengriyaning farmatsevtika kompaniyalari orqali Oʻzbekistonga Yevropaning sifatli dori-darmon va tibbiyot jihozlarini ishlab chiqarish sanoati kirib kelmoqda hamda jahon bozorida raqobatbardosh dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar vujudga kelmoqda. Binobarin, bugun mamlakatimizda Vengriya sarmoyadorlari ishtirokida qishloq xoʻjaligi va chorvachilik sohasida, mehmonxona xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ulgurji savdo yoʻnalishlarida 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili Vengriya Bosh vazirining rasmiy tashrifi doirasida Toshkent shahrida ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtgani, unda Vengriyaning 40 ga yaqin kompaniya va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari qatnashganligi albatta, oʻzaro iqtisodiy hamkorlik istiqbolidan dalolatdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2 million yevroga teng oʻzbek-venger startap tanlovini oʻtkazish, umumiy qiymati 2 million yevro boʻlgan qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish va “Hungaricum” stipendiya dasturi kvotalariga PhD talabalar uchun qoʻshimcha 70 ta oʻrin ajratish loyihalari ishlab chiqilgan. Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universitetida 20-25 nafar qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yurituvchi oʻzbekistonlik yosh tadqiqotchi hamda olimlarning malakasini oshirish imkoniyatlari koʻzda tutilgan. Shuningdek, Vengriyaning “yashil”iqtisodiyot sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalari bilan hamkorlik rivojlantirilmoqda.
Viloyat rahbari Vengriya elchisiga viloyat qishloq xoʻjaligi agrokompleksidagi faoliyat, erishilayotgan yutuqlar toʻgʻrisida maʼlumot berar ekan, bogʻdorchilik va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, eksport qilishda yaqin hamkorlik istiqbollariga, shuningdek, qadimiy shaharda sayyohlikni rivojlantirish, madaniy sohalarda yangi loyihalar roʻyobiga ishonch bildirdi.
Tashrif davomida elchi Buxoroning diiqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qildi.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati