Vengriya Yevropa Ittifoqida ovoz berish huquqidan mahrum qilinishi mumkin – OAV

    Bryussel qonun ustuvorligini buzganlik uchun Vengriyaga nisbatan 2007-yilgi Yevropa Ittifoqi shartnomasining 7-moddasiga muvofiq jazo tartibini qo'llashni taklif qilmoqda, deya xabar beradi manbalar.

    Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar Ukrainaga 2024 — 2027-yillarda 50 milliard yevrolik moliyaviy yordam paketini taqdim etish bo'yicha kelishuvni tasdiqlash uchun Vengriyani ovoz berish huquqidan mahrum etish masalasini ko'rib chiqmoqda. Bu haqda 18-dekabr, dushanba kuni Financial Times nashri xabar berdi.

    Nashrning qayd etishicha, Bryusseldagi ayrim amaldorlar Vengriyaga nisbatan 2007-yilgi Yevropa Ittifoqi to'g'risidagi shartnomaning 7-moddasiga ko'ra, qonun ustuvorligini buzganlik uchun jazolash tartibini qo'llashni taklif qilmoqda, bu esa mamlakatni ovoz berish huquqidan mahrum qilishi mumkin.

    “Balki Vengriya ko'proq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Balki Vengriya bizni bir nechta turli vositalardan foydalanishga majbur qilishi mumkin. Lekin oxir-oqibat Vengriya Ukrainaga pul berishimizni to'xtata olmaydi”, dedi o'tgan hafta Bryusselda o'tkazilgan sammitda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

    Avvalroq, Ukraina bosh vazir o'rinbosari Olga Stefanishina Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaning ittifoqqa qo'shilishi bo'yicha muzokaralarni ko'rib chiqish chog'ida Vengriyani ovoz berish huquqidan mahrum qilishi mumkinligini aytgan edi.

    Garchi Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish bo'yicha muzokaralar boshlanishiga ruxsat bergan holda ovoz berishdan betaraf qolgan bo'lsa-da, Orban mazkur qarorga qarshiligini va jarayonning keyingi bosqichida Ukrainaning a'zoligiga veto qo'yishga tayyorligini aytdi, deb xabar beradi korrespondent.net.