Vengriya oʻzbekistonliklar uchun boʻsh ish oʻrinlarini taklif qilmoqda

    Joriy aprel oyidan boshlab 100 nafar oʻzbekistonliklar Vengriyadagi qurilish obyektlarida ish bilan taʼminlanishi mumkin.

    Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi koʻmagida Vengriyaning “Worknet Kft.” kompaniyasi direktori David Penzesh va Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshligʻi oʻrinbosari Hojiakbar Fayzullaxoʻjayev oʻrtasida videokonferensaloqa formatida muzokaralar tashkil etildi

    Onlayn muloqot chogʻida Oʻzbekistondan mehnat muhojirlarini Vengriyaga jalb qilish, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va ushbu kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasini tuzish masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar davomida agentlikning chet tillarini tanlash, tayyorlash, oʻrgatish sohasidagi faoliyati, Oʻzbekistondan boʻlajak mehnat migrantlari uchun davlat tomonining kafolatlari va shartlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Vengriya tomoni Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va agentlik tomonidan yuborilgan mehnat migrantlarini Vengriyaga yollash va ishga joylashtirish sohasida shartnoma tuzishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv natijasida Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va “Worknet Kft.” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasini imzolash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

    David Penzesh, shuningdek, joriy aprel oyidan boshlab 100 nafar oʻzbekistonliklarni Vengriyadagi qurilish obyektlarida ish bilan taʼminlashga tayyorligini bildirdi.