Tajriba O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti (ITI) huzuridagi O'zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazida amalga oshirilmoqda. Unga ko'ra, kartoshka o'simligining 5 ta in-vitro (virus free) navi ilmiy-tadqiqot instituti issiqxonasiga joylashtirildi.
Jarayon Vengriya Qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universiteti professori Jolt Polgar tomonidan zoom orqali boshqarildi va muvofiqlashtirildi. Unda Toshkent davlat agrar universiteti talabalari, institut yosh olimlari ishtirok etdi.
Mutaxassislarning aytishicha, jarayon haroratni nazorat qilishni hisobga olgan holda ekinning alohida to'qimasini ko'paytirishdan boshlab tashkil etilgan. So'ngra ekinni ommaviy ko'paytirish, minituganakalarni ishlab chiqarish, maxsus qutilarda o'stirilgan keyingi avlodlarni yetishtirish yo'lga qo'yiladi. Keyin esa dalada ekish va super elita urug'larini olish uchun o'simliklar avlodini yaratish ishlari olib boriladi.
Tajriba-sinov bosqichida o'simliklar nazorat qilinadi. 2023-yil mart oyidan boshlab O'zbekistonda in-vitro o'simliklarni ommaviy tarzda ekish rejalashtirilgan.