Shu tariqa, vazir Voitov Vengriyadagi eng yirik tovuq goʻshti ishlab chiqarish korxonalaridan biri “Master Good Kft.” rahbari Lazlo Barani bilan muzokaralar oʻtkazdi va mazkur korxonaning ishlab chiqarish majmuasiga tashrif buyurdi.
Kompaniya 1994-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda uning 2 000 nafar xodimi bor. “Master Good Kft.” ulushiga mamlakat tovuq goʻshti ishlab chiqarish hajmining deyarli 32% toʻgʻri keladi, u ham Vengriya, ham Markaziy Yevropada parranda goʻshtining yetakchi distribyutoridir.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar Oʻzbekistonda parrandachilik korxonasini tashkil etish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdilar, shu munosabat bilan loyiha tafsilotlarini muhokama qilish uchun joriy yil noyabr oyida “Master Good Kft.” kompaniyasi rahbariyatining mamlakatimizga tashrifi rejalashtirildi. Shuningdek, 6 nafar oʻzbekistonlik talabaning kompaniya tuzilmalarida kasbiy amaliyot oʻtash imkoniyatlari muhokama etildi.
Bundan biroz avvalroq Aziz Voitov Vengriyada mamlakat qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Shandor Farkash hamda Vengriya qishloq xoʻjaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich bilan ham muzokaralar oʻtkazgan edi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.