Uchrashuv Vengriyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish borasidagi tajribasini mamlakatimizda joriy etish tashabbusi doirasida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining joriy yilning fevral oyida Budapesht shahriga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi.

Uchrashuvda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri P.Siyyarto hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.

Ushbu tashabbus doirasida yevropa rasmiy, ishbilarmon va jamoat doiralari orasida xalqaro obro‘ga hamda Vengriya hukumati tuzilmalarida ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan venger ekspertlari mamlakatimizda sakkizta ustuvor sohalarda islohotlarni amalga oshirishga yordam beradi. Bular: qishloq xo‘jaligi, savdo va tadbirkorlik, bank – moliya sektori, soliq – fiskal sohasi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektron hukumatni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sohalaridir.

Dastlabki bosqichda yuqorida qayd etilgan hududlarning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy holati chuqur tahlil qilinishi hamda natijalari asosida keyinchalik ikki mamlakat Hukumatlari darajasida tasdiqlanadigan «Yo‘l xaritasi»ga kiritiladigan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar kelgusida hamkorlik qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgiladilar, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma loyiha ofisini tuzishga kelishib oldilar.