Vengriyaning “Wizz Air” aviakompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirmoqda

    Bu haqda Oʻzbekiston-Vengriya biznes forumida maʼlum qilindi.

    "Biz Oʻzbekiston aeroportlarida “ochiq osmon” rejimini joriy etmoqdamiz. Xorijiy aviatashuvchilar soni ortib bormoqda – soʻnggi yillarda ular 10 tadan 25 taga koʻpaydi. Ular qatoriga “Wizz Air” kompaniyasi ham kirmoqda", — dedi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xoʻjayev.

    Vazir shuningdek, Oʻzbekiston-Vengriya hamkorlik yoʻnalishlariga toʻxtaldi.

    "Birinchi yoʻnalish: Oʻzbekistonning qulay iqlimi va tabiati tufayli energiyaning quyosh, shamol va suv kabi qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalanishimiz zarur.

    Ishlab chiqarishlar quvvatlari oshishini inobatga olib, 2030-yilga borib ushbu koʻrsatgichni 30 GVt (gigavatt)ga yetkazishni, muqobil energiya manbalari ulushini esa 2026-yilgacha 25 foizga olib chiqishni rejalashtirganmiz. Bunday dasturlarni faqat xususiy investitsiyalar hisobiga va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiramiz. Vengriya kompaniyalarini ushbu loyihalarda ishtirok etishga taklif etamiz.

    Ikkinchi yoʻnalish: mineral resurslardan foydalanish va ularni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyatlar bor. Masalan, Oʻzbekistonning kaolin zaxiralari 1,3 mlrd. tonnani tashkil etadi. Barchaga maʼlum, bu – sanfayans va sanitar keramikasini ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida kaolindan tayyorlangan mahsulotlar importi 500 mln. dollardan ortadi. Biz bu yoʻnalishda, albatta, Yevropaning ilgʻor texnologiyalarini tadbiq etib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishdan manfaatdormiz.

    Yana bitta misol. Oʻzbekistonda har yili 150 ming tonna mis ishlab chiqarib, faqat 55 ming tonnasini qayta ishlaymiz. Bu xom ashyodan yuqori talabga ega elektr dvigatellari, sim-kabel mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalarini ishlab chiqarishni birgalikda tashkil qilishimiz mumkin. Bunday mahsulotlar importi hajmi Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzida 2 mlrd. dollardan oshadi", – dedi vazir.

    Oʻzbekiston-Vengriya biznes forumi doirasida oʻzbekistonlik tadbirkorlar Vengriya tashqi savdo va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi 60 dan ortiq venger kompaniyalari vakillari bilan “B2B” va “G2B” shaklidagi muzokaralarni oʻtkazishdi.

    Ikki tomonlama muzokaralar natijasida investitsiyaviy va savdo kelishuvlari imzolandi.