Konferensiya ishida universitetning yaqin hamkorlaridan biri boʻlgan Sank-Peterburg davlat veterinariya meditsinasi universiteti professorlari, Rossiya Fanlar Akademiyasi akademiklari Eduard Javadov hamda Anatoliy Stekolnikovlar ishtirok etishmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimi universitet faollar zalida tashkil etildi. Dastlab universitet mehmonlari eʼtiboriga taʼlim maskani faoliyatiga oid ilmiy – amaliy koʻrgazma namoyish qilindi.





Universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov mehmonlarni qutlar ekan, ikki yirik mutaxassis, veterinariya sohasining nufuzli namoyondalari bir vaqtning oʻzida bu maskanda boʻlishidan professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar xursand ekani, ularning maʼruzalari barcha uchun qiziqarli va foydali boʻlishi haqida taʼkidladi.

Respublika Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, veterinariya fanlari doktori, professor Sobirjon Mavlonov qoʻmita raisi nomidan konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Asli Oʻzbekistonda tugʻilib oʻsgan akademik Javadov bu yurt va uning kishilari olim hayotida muhim rol oʻynagani, hamisha bu yerga kelish uchun intilishi va oʻtgan yilgi safari davomida juda foydali ishlar bilan shugʻullangani, qolaversa, universitet professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlarining salohiyati va intilishlarini qadrlashi xususida taʼkidladi.

12 yil davomida Sank-Peterburg davlat veterinariya meditsinasi Universitetini boshqargan Akademik Stekolnikov esa RFda ayni kunda 3 ta veterinariya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasalari borligini aytib, Oʻzbekistonda yagona boʻlgan mazkur taʼlim maskani sohaga ixtisoslashgan xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikni mustahkamlagani, oʻquv dasturlari va rejalari biri – biriga yaqin va mos boʻlgan muassasalar va olimlar birgalikda rivojlanayotgani xususida gapirdi va muammolarga hamkorlikda ilmiy yechim izlanayotgani haqida fikr – mulohazalarini bayon etdi.
Akademiklar marosim davomida Universitet jamoasiga oʻz ramziy sovgʻalarini taqdim etdilar.
Shuningdek, marosim davomida akademiklarga universitet rektori tomonidan “Faxriy professor” diplomi va nishoni topshirilib, oʻzbek milliy libosi — zarbof toʻn kiydirildi va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.






Konfrensiyada “Veterinariya sohasida hayvonlar kasalliklarini oldini olish va davolashning dolzarb muammolari va ularning yechimi”, “Chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyalari hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdagi innovatsiyalar” “Chorvachilik biotexnologiyasi hamda hayvonlarni saqlash, ozuqa yetishtirish, oziqlantirish va seleksiya ishlaridagi ilmiy yondashuvlar”, “Chorvachilik va qishloq xoʻjaligida agrotexnologik jarayonlarni mexanizatsiyalashtirish, resurs-energiya tejamkor qishloq xoʻjalik texnikalarini joriy etish va ularning iqtisodiyoti boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar” yuzasidan ilmiy maʼruzalar muhokama etildi.



Konferensiya ishi ertaga ham davom etadi.
Universitet Axborot xizmati