Veterinariya va chorvachilik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti faoliyati koʻlamini kengaytirish, xalqaro nufuzini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tizimli olib borish, innovatsion taʼlim va texnologiyalar transferini qoʻllab-quvvatlash tizimini yaratish, taʼlim va ishlab chiqarishni uzviy bogʻlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini (keyingi oʻrinlarda – Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;
zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilgʻor texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish;
oʻquv jarayonini amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirish, xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va innovatsion oʻquv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, veterinariya klinikasi, oʻquv va ilmiy laboratoriya, oʻquv-tajriba xoʻjaligi, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida nazariy bilim hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-oʻqituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy taʼlim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktoranturadasturlari boʻyicha tahsil olishlarini tashkiletish;
oʻquv jarayonini talabalarda mustaqil taʼlim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirish;
sohadagi ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlarini Universitetda tahsil olayotgan iqtidorli talabalarga biriktirgan holda, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash;
Universitetning yuqori bosqich talabalari hamda ilmiy izlanuvchilarining ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish;
tasarrufidagi taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
3. Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda – Boshqaruv kengashi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Boshqaruv kengashiga (B. Norqobilov):
a) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Universitetning moliyaviy yil uchun moʻljallangan biznes-rejasi, uzoq va oʻrta muddatli strategik rivojlantirish dasturi, daromad va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazorat qilish;
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy maktablarni rivojlantirish;
veterinariya va chorvachilik yoʻnalishida taʼlim, tadqiqot va ilmiy ishlanmalar transferi jarayonlarini rivojlantirish hamda ilmiy- tadqiqot va innovatsion ishlanmalar boʻyicha buyurtmachilar bilan manfaatli hamkorlik oʻrnatish;
ilmiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, startaplar va akselerator faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
taʼlim va tadqiqot jarayonlariga investitsiyalarni jalb etish, yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali aloqalarni oʻrnatish;
b) quyidagi vakolatlar berilsin:
Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida malakali mutaxassislar jalb qilish;
Universitet huzurida faoliyatining asosiy yoʻnalishi taʼlim, ilm-fan va uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bogʻliq boʻlgan, byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar uchun taʼlim davomiyligi muddatlarini belgilash;
taʼlim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish.
4. Belgilansinki:
Universitet veterinariya meditsinasi, veterinariya va sanitariya ekspertizasi, veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishlari, veterinariya farmatsevtikasi, zooinjeneriya, veterinariya biotexnologiyasi, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlovchi tayanch davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;
Universitet Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritadi;
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti talabalari Universitetda oʻqishini davom ettiradi va bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi Universitet diplomi beriladi;
Universitetga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi doirasida aniqlanadi;
Universitet Samarqand veterinariya meditsinasi institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi.
5. Veterinariya sohasida taʼlim jarayonlarining bevosita amaliyot bilan uygʻunlikda tashkil etilishini, ilm-fan va texnologiyalar integratsiyasini taʼminlash maqsadida Universitet huzurida xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki (keyingi oʻrinlarda – Texnopark) tashkil etilsin.
Universitet Texnopark tarkibida quyidagi tarkibiy boʻlinmalarni tashkil etishni nazarda tutsin:
Veterinariya laboratoriya-diagnostika va profilaktika-davolash klinikasi;
Sunʼiy urugʻlantirish va naslchilik-seleksiya markazi;
chorvachilik xoʻjaliklari va aholi xonadonida parvarishlanayotgan hayvonlar uchun ozuqa yetishtirish, jamgʻarish va tayyorlash boʻyicha ularga amaliy yordam koʻrsatadigan maslahat markazi.
Texnoparkka veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini olib borish hamda veterinariya preparatlarini, shu jumladan, veterinariya maqsadlari uchun dorivor vositalar, ozuqa qoʻshimchalari, biologik preparatlar va zoogigiyena vositalarini realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish huquqi berilsin.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Veterinariya
va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Universitetga sohada 5 yillik stajga ega boʻlgan xodimlar tavsiyanoma asosida oʻqishga tavsiya etilganda, toʻlov-kontrakt miqdorini kunduzgi taʼlim yoʻnalishidagi toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirish;
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023 oʻquv yilidan bakalavriatning kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha
“Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi xizmat koʻrsatish texnikumi negizida Universitetning Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumini tashkil etish. Bunda, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq mazkur texnikumning mavjud bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash loyihalarini 2023-2026-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin.
7. Samarqand viloyati, Toyloq tumanidagi Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining foydalanmay kelinayotgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 2-ilovaga muvofiq jami 27,4 gektar, shundan 16,8 gektar sugʻoriladigan yer uchastkalarining yer fondi toifasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligi vazirligining xulosasiga muvofiq qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkazilsin.
Samarqand viloyati hokimligi ushbu bandga muvofiq yer fondi toifasi oʻzgartirilgan yer uchastkasi belgilangan tartibda zaxiraga olinishini, davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini hamda elektron onlayn-auksionga chiqarilishini taʼminlasin.
Mazkur bandga muvofiq zaxiraga olingan yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablagʻlar (Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan xarajatlar chegirib qolingan holda), istisno tariqasida, Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus hisob-raqamiga yoʻnaltirilsin.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yer uchastkasini sotishdan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga tushgan mablagʻlarni Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti hududida veterinariya laboratoriyasi, veterinariya klinikasi va diagnostik markazi, vivariy, yosh olimlar uchun yotoqxona hamda ishlab chiqarish sexini qurish va jihozlash uchun maqsadli yoʻnaltirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab veterinariya va biotexnologiyayoʻnalishlari boʻyicha nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash uchun “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari hisobidan har yili alohida kvota ajratilishini taʼminlasin.
Bunda, taʼlim dasturi yakuni boʻyicha talabalarning kamida 3 yil davomida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning tizim tashkilotlarida ishlab berish sharti nazarda tutiladi.
9. Quyidagilar:
2022-2026-yillarda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetini hamda tizimda faoliyat yuritayotgan professional taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarini kompleks rivojlantirish dasturi 3-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining xalqaro nufuzini oshirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining mutaxassislik kafedralarini ilmiy-tadqiqot muassasalari, tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirish jadvali 5-ilovaga muvofiq;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida tashkil etiladigan yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 6-ilovaga muvofiq;
2023-2026-yillarda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimida faoliyat yuritayotgan oliy va professional taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot institutlari obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning manzilli roʻyxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. 2022-yil 1-maydan boshlab Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari (katta va kichik ilmiy xodim) mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.
11. Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent va Nukus filiallari tegishli ravishda Universitetning Toshkent va Nukus filiallari deb qayta nomlansin.
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining akademik litseyi va Samarqand, Urgut, Nukus, Andijon veterinariya meditsinasi texnikumlari Universitet tarkibiga oʻtkazilsin.
12. Belgilansinki, Universitet faoliyati Davlat byudjeti mablagʻlari, Universitetning byudjetdan tashqari mablagʻlari, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
13. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti faoliyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin va quyidagilar uning moliyaviy manbalari etib belgilansin:
Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasining ajratmalari;
Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasining ajratmalari;
xorijiy investorlar bilan investitsiya kelishuvlarida nazarda tutilgan ilmiy tadqiqotlar, kadrlar tayyorlash va loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, veterinariya va chorvachilik hamda boshqa yoʻnalishlarda jalb etiladigan donor tashkilotlarning grant mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
14. Belgilansinki, Universitet Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan oʻzaro hamkorlikda:
magistrlarni professor va ilmiy xodimlarga biriktirgan holda, “fan–taʼlim–ishlab chiqarish” tamoyili asosida kadrlar tayyorlashning klaster tizimini, shuningdek, doktorantlarning bevosita ilmiy-tadqiqot institutlari laboratoriyalarida ilmiy ish olib borishini yoʻlga qoʻyadi;
mintaqada veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya va agrotexnologiya sohalarida mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan fundamental, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib boradi hamda mahalliy va xalqaro grant mablagʻlarini jalb etadi.
15. Boshqaruv kengashi (B.Norqobilov):
a) ikki oy muddatda:
Boshqaruv kengashi faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;
zamonaviy taʼlim yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, Universitet kafedralarining ilmiy faoliyatini soha va tarmoqlar muammolarining yechimiga yoʻnaltirish maqsadida ularni qaytadan tashkil etsin;
Universitet rahbariyati, kafedralari va tarkibiy boʻlinmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini hamda yuqori natijadorlikka erishganlarni ragʻbatlantirib borish tizimini joriy qilsin;
b) oʻquv jarayoniga xorijiy professor-oʻqituvchilarni tanlov asosida jalb qilish va Universitet professor-oʻqituvchilarining xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malakasini oshirish choralarini koʻrsin;
v) 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab veterinariya va chorvachilik yoʻnalishlari boʻyicha xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari hamda keng koʻlamli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
16. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatdaqonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2022-yil 31-mart