Telekommunikatsiya xizmatlari provayderlariga Telegramʼga kirishni bloklash toʻgʻrisida koʻrsatma berilgan. Tegishli koʻrsatma mamlakat Texnologiyalar vazirligi tomonidan yuborilgan. Telegram jinoiy faoliyatga qarshi kurashda hamkorlik qilishdan bosh tortgani bunga sabab qilib koʻrsatilmoqda. Xuddi shunday asoslar boʻyicha Fransiyada Telegram asoschisi Pavel Durov tergov qilinmoqda.

Texnologiyalar vazirligi telekommunikatsiya kompaniyalarini “Vyetnamda Telegram faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik uchun yechimlar va choralar koʻrishga” chaqirgan. 21-may sanasi koʻrsatilgan hujjatga asosan provayderlar koʻrilgan choralar haqida 2-iyundan kechiktirmay xabar berishi kerak.

Kiberxavfsizlik departamenti maʼlumotlariga koʻra, Vyetnamda faoliyat yuritayotgan messenjerdagi 9 600 ta kanal va guruhlarning 68 foizi qonunchilikni buzadi. Ular firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi va hukumat taxmin qilganidek, terrorizm bilan bogʻliq.

Vazirlik vakili taʼkidlashicha, Telegramʼni bloklash toʻgʻrisidagi qaror messenjer jinoiy ishlar boʻyicha tergov doirasida foydalanuvchilar maʼlumotini hukumatga bermaganidan soʻng qabul qilingan.

Shuningdek, Telegram qonunni buzadigan maʼlumotlarni kuzatish, oʻchirish va bloklash majburiyatini yuklaydigan huquqiy meʼyoriy talablarni bajarmaslikda ayblanmoqda. Hujjatlarga koʻra, messenjerda hukumatga qarshi materiallar tarqatgan guruhlar tashkil etilgani politsiya tomonidan aniqlangan.

SOAX kompaniyaga koʻra, Telegram 2023-yil iyul oyida 800 million oylik faol foydalanuvchiga ega boʻlgan, bu 2022-yil noyabr oyidagi 700 milliondan 14,29 foizga koʻpdir. Premium obunaga ega boʻlganlar 5 million kishini tashkil etadi. Vyetnam messenjer foydalanuvchilari soni boʻyicha 10 talikka kiradi:

  • Hindiston — 104,0 million
  • Rossiya — 34,4 million
  • Indoneziya — 27,2 million
  • Qoʻshma Shtatlar (AQSH) — 26,9 million
  • Braziliya — 21,9 million
  • Misr — 14,9 million
  • Vyetnam — 11,8 million