Videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlanadi

    Mamlakatimizda 6 Iyul 2020 998

    Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan viloyat sudining binosida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida “Odil sudlovni taʼminlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan joriy yil 30-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻrsatilgan vazifalar va yoʻnalishlar ijrosini taʼminlash maqsadida viloyat, tuman (shahar) sudlari sudyalari va xodimlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

    Yigʻilishda soʻz olgan viloyat sudi raisi Davlatmirza Komilov Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning videoselektor yigʻilishida soʻnggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan ishlar, ularning samarasi natijasida fuqarolar oʻrtasida haqiqat va adolatga boʻlgan ishonchni mustahkamlayotgani, lekin fuqarolarning sud-huquq tizimidan toʻla rozi deyishga hali asos yoʻqligi haqidagi eʼtirozlari xususida toʻxtalib oʻtdi.

    Videoselektor yigʻilishida aytib oʻtilgan ayrim huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlarining salbiy xatti-harakatlari islohotlarga toʻgʻonoq boʻlayotgani qatʼiy qoralandi.

    Bundan tashqari, “Sud binosiga kelgan har bir fuqaro Oʻzbekistonda adolat borligiga ishonch hosil qilishi kerak”ligi muntazam uqtirib kelinayotganiga qaramasdan sudlarda ishlar uzoq muddat koʻrilayotgani yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarning soni kamaymayotgani, sudlarda ishlarni turli instansiyalarda qayta-qayta koʻrish amaliyotiga chek qoʻyish boʻyicha aniq choralar belgilash lozimligini aytdi.

    Shu bilan birgalikda har chorakda sud rahbarlarining ommaviy axborot vositalari orqali odil sudlov faoliyati yuzasidan axborot berishlarini yoʻlga qoʻyish, gender tenglikni taʼminlash maqsadida sud korpusida ayol kadrlarni yana-da koʻpaytirish, videokonferensaloqa tizimi orqali ishlarni koʻrishni jadallashtirish, sud majlislarida audioyozishni joriy etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.

    Sud mustaqilligini chin maʼnoda taʼminlash maqsadida sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga, sud ishiga har qanday shaklda aralashuvlarga chek qoʻyish, sud korpusi vakillaridan jiddiy masʼuliyat talab etgani uchun barcha sudyalar ongimizda adolatni qoʻrgʻon qilib, tilimizda faqat haqiqatni soʻzlab, dilimizda poklik va halollik saqlab, tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib intizom va shaxsiy javobgarlikni faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylantirib, sudning obroʻyini, nufuzini koʻtarish yoʻlida tinimsiz mehnat qilib, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir insonni “Oʻzbekistonda adolat hukm surayotganiga” toʻla ishonchni hosil qilishiga erishishimiz zarur va shartdir deya taʼkidladi.

    Yigʻilishda soʻzga chiqqan viloyat sudi sudyasi Abdunosir Moʻminov, Chust tuman sudining raisi Saidjon Badriddinov, Pop tuman sudining raisi Dilmurod Madaminovlar videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdilar.