Jumladan, Urganch tuman hokimligi tomonidan 2018-yildagi qarori bilan “Obod mahalla” dasturi asosida Urganch tumani Gʻalaba qishlogʻi Qumravot mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga jami 0,5 ga yer ajratib berilgan.
Ushbu qarorga asosan fuqaro va tadbirkorlik subyektlari tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish ishlari boshlangan va aksariyat obyektlar esa qurib bitkazilgan. Hududda yoshlar mehnat guzari, 75 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, ikkita xususiy klinikalar, hammom, goʻzallik saloni, tikuvchilik sexi, mebel ishlab chiqarish, etikdoʻzlik va hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shahobchalari tashkil qilish uchun tadbirkorlar tomonidan jami 6 mlrd soʻm mablagʻlar sarf qilingan.
Biroq, tuman hokimining yer ajratish toʻgʻrisidagi qabul qilgan qarorlari viloyat hokimi qarori bilan maʼqullanmaganligi oqibatida qurilgan obyektlar uchun tadbirkorlarga egalik xuquqi berilmagan va bu ish faoliyatini boshlashlariga yoki qurilish va jihozlash ishlarini davom ettirishga toʻsiq boʻlib qolgan.
Mazkur tizimli muammo joyiga borgan holda oʻrganib chiqildi va obyektlarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, mazkur yer maydonlarining iqtisodiy samarasi haqida suhbatlashildi.
Qayd etilgan obyektlarni ishga tushirish orqali jami 12 mlrd soʻmdan ortiq investitsiyalar (shundan 1 mlrd soʻmdan ortiq bank krediti) jalb qilinishi va aholining 130 nafardan ortigʻi doimiy ish oʻrinlari bilan band etilishi maʼlum boʻldi.
Oʻrganish natijalari boʻyicha mazkur muammoli masalani Hukumat darajasiga koʻtarildi va oʻrnatilgan tartibda hal etish yuzasidan Xorazm viloyati hokimligiga 2020-yilning 1-iyuliga qadar muddat berildi.
Lekin, ushbu muddatda ham masala hal etilmaganligi sababli Qoʻmita tomonidan Xorazm viloyati hokimligiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi talablari buzilishi boʻyicha ish qoʻzgʻatildi.
Ushbu choradan soʻng Xorazm viloyat hokimligi Urganch tumani Gʻalaba qishlogʻi Qumravot mahallasi hududidan jami 13 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga tuman hokimining yer ajratish toʻgʻrisidagi qarorini tasdiqlab berdi. Natijada, ushbu hududda ish faoliyatini boshlay olmayotgan 13 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga qurilish ishlarini yakunlash va faoliyatini yoʻlga qoʻyishlari uchun sharoit yaratildi.