Toshkent viloyatidagi Yoshlar texnoparkida kimyo fanini interaktiv tarzda oʻrgatuvchi dastur, yaʼni virtual laboratoriya dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Loyiha doirasida yaratilgan VR koʻzoynaklar orqali oʻquvchilar kimyoviy elementlarning reaksiyaga kirishish jarayonini kuzatishi va oʻzlari ham mashgʻulotlarni bajarib koʻrishi mumkin. 3D formatdagi koʻrinish oʻrganuvchiga har bir hodisani his qilish, mukammal tushunish imkonini beradi. Boisi, jarayonni shunchaki tasvirlarda kuzatmaydi, balki oʻzi ham jarayonda ishtirok etadi.

Texnoparklar startap loyihalarni shakllantirib, ishga tushiradi. Ularga qoʻyiladigan birinchi galdagi talab — yangi yondashuv biror muammoning yechimi boʻlishi kerak. Virtual laboratoriya loyihasi muallifi Oybek Toʻychiyev ham maktab taʼlimiga oid interaktiv dastur ishlab chiqishni maqsad qiladi. Kuzatuvi davomida oʻqituvchilar duch kelayotgan qiyinchiliklardan biri kimyo fanini oʻrgatish, oʻquvchilarni bu fanga qiziqtirish ekaniga guvoh boʻladi.

— Hamma maktabda ham kimyo laboratoriyalari uchun kerakli jihozlar, kimyoviy elementlar bor emas, ayniqsa, chekka joylarda, — deydi loyiha rahbari Oybek Toʻychiyev. — Oʻquvchi mashgʻulotni vizual bajarib koʻrmasa, unda fanga qiziqish uygʻotish, mavzuni tushuntirib berish qiyin. Hozir — texnika asri. Har kuni yangi ixtiro va ishlanmalar, bir-biridan hayratlanarli aqlli texnologiyalarga guvoh boʻlyapmiz. Demak, mavzuni shunchaki doskada tushuntirish bilan bugunning bolasini fanga jalb qilish qiyin. Shuning uchun ham “Interaktiv taʻlim VR” dasturini ishlab chiqib, VR koʻzoynaklar yordamida amaliy mashgʻulotlar oʻtishni yoʻlga qoʻydik. Innovatsion dastur shu yil may oyida Ohangaron tumanidagi 12-maktabda qoʻllandi. Loyihaning keyingi bosqichida fizika, tarix, biologiya fanlarini ham virtual reallik asosida oʻrganish uchun maxsus laboratoriya dasturlari ishlab chiqiladi.

“Aqlli” dasturlar taʼlimni chegara bilmas maroqli mashgʻulotga aylantiradi. Oʻquvchi kimyoviy moddalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi shart emas. VR koʻzoynakni taqishi bilan jarayon virtual tarzda kechadi.

— Zamonaviy laboratoriya oʻquvchilarga mashgʻulotlarni mustaqil va xavfsiz oʻtish imkonini beradi, — deydi Ohangaron tumanidagi 12-maktab oʻqituvchisi Shohsanam Ergasheva. — Bilasizmi, hozirgi yoshlarni faqat daftar, qalam, koʻrgazmali qurollar bilan darsga qiziqtirish qiyin. Kimyoviy elementlarning reaksiyaga kirishishi, ikki moddaning birikishidan boshqa bir modda hosil boʻlish jarayoni qiziqarli. Faqat buni oʻquvchi oʻz koʻzi bilan koʻrsagina fanga mehri oshadi.

Axborot texnologiyalariga ham, soha sirlarini puxta egallagan mutaxassislarga ham talab yuqori. Yosh avlodga maktab davridanoq dunyo talabiga monand taʼlim berish, albatta, samarasini koʻrsatadi. Kechaning fantastikasi bugunning realligiga, bugunning fantastikasi ertaning realligiga aylanib borayotgan shiddatli zamonda “aqlli” texnologiyalardan kundalik hayotimizda foydalanish ham oddiy holga aylanib boraveradi. Virtual sayohat, mashgʻulot, xarid bir vaqtlar biz uchun mutlaqo yangi, shu bilan birga, shubhali ham edi. Bugun esa ularning afzalliklari isbotlanmoqda.

Feruza JOʻRAYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri