Ayni kunlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni tobora ortib, keng jamoatchilikni хavotirga solmoqda. Ammo aholi orasida emlanish ko'rsatkichlari hamon sustligicha qolmoqda. Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi asossiz ma'lumotlar birlamchi sabab bo'layotgani bois Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonovning vaksinasiya bilan bog'liq fikrlarini havola etishni joiz topdik.
Inson umrining uzoq bo'lishiga, avvalo, atrof-muhit, iqlim, irsiyat, turmush tarzi, turli kasalliklar kabi omillar bevosita ta'sir ko'rsatadi. O'tgan asr boshlarida dunyoda odamlarning o'rtacha umr yoshi 35 yil bo'lgan bo'lsa, zamonaviy tibbiyot va yangi texnologiyalarning yordami tufayli bugungi kunda ushbu ko'rsatkich 72 yoshni tashkil etmoqda.
Odamzot azaldan o'lat, vabo, chinchechak, poliomielit kabi yuqumli kasalliklar bilan kasallangan va katta talafotlar ko'rgan. Yangi ming yillikda bu kasalliklar batamom tugatilib, ularning o'rniga odamlar ilgari ko'rmagan va bilmagan, ko'plab o'limlarga olib keladigan, o'ta xavfli virusli kasalliklar paydo bo'lmoqda.
Atrof-muhit, iqlim va aholi turmush tarzining o'zgarishi, migratsion jarayonlar faollashuvi ba'zi virusli yuqumli kasalliklarning dunyo bo'ylab epidemiya, pandemiya tarzida keng tarqalishiga olib kelayotir.
O'tgan yildan buyon davom etayotgan Covid-19 pandemiyasi insoniyat tarixida xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan o'ta xavfli favqulodda vaziyat sifatida tan olindi. Tabiat va jamiyatda yangi-yangi viruslar paydo bo'lishi, odamlar orasida tarqalishi va kasallik chaqirishi tabiiy holat. Insoniyat va jahon tibbiyoti ushbu kasalliklarga qarshi kurashishga, ularning oldini olishga har doim tayyor turmog'i lozim.
Covid-19 pandemiyasi butun dunyo sog'liqni saqlash tizimi oldiga o'ta muhim va jiddiy muammolarni qo'ydi. O'zbekistonda epidemiologik vaziyat nisbatan turg'un bo'lishiga qaramay, dunyodagi tahlikali vaziyat, viruslarning yangi-yangi shtammlari paydo bo'lishi zudlik bilan ular tarqalishining oldini olish choralarini ko'rishni taqozo qiladi.
Mazkur infeksiyaga qarshi kurashishning eng samarali usuli — aholini ommaviy emlash. O'zbekistonda joriy yilning 1 aprelidan aholini bepul ommaviy emlash ishlari boshlab yuborildi. Bu “ZF-UZ-VAC 2001”, “SPUTNIK V”, “AstraZeneca” kabi vaksinalar yordamida amalga oshirilmoqda. Uchala vaktsina ham klinik sinovlardan o'tkazilgan.
Covid-19 infeksiyasining og'ir kechishi, ko'plab o'lim yuz berishi, jiddiy asoratlar qoldirishi ko'pchilikka ma'lum bo'lib ulgurdi. Kasallikni dori-darmonlar yordamida davolash ham katta samara bermaydi. Shunday ekan, uning oldini olish, kasallikdan saqlanishda vaktsinatsiya birinchi planga chiqmoqda.
Aholini ko'pgina yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash uzoq yillardan buyon qo'llanib kelinadi. emlash tufayli chinchechak, poliomielit, difteriya kabi yuqumli kasalliklar batamom tugatilgan, ko'kyo'tal, qizamiq, qoqshol, paratit kabi kasalliklar keskin kamaytirilgan. Bu, avvalo, immunoprofilaktikaning samarasi.
Immunoprofilaktika yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda eng samarali tadbirlardan biridir. Bu borada erishilgan yutuqlar aynan emlash ishlari bilan bog'liq.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, ayrim yuqumli kasalliklarni batamom tugatish, ba'zilarini keskin kamaytirish dasturi ham aynan immunoprofilaktikaga asoslanadi.
O'zbekistonda emlash dasturini amalga oshirish borasida muayyan yutuqlarga erishilgan. Aholini yuqumli kasalliklarga qarshi emlash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan bo'lib, immunoprofilaktika strategiyasi mamlakatimizning amaldagi qonunlari, JSST tavsiyalariga asoslangan. Shuningdek, bu jarayon qulay, bepul va aholining keng qatlamlarini qamrab oladi.
13 iyul holatiga ko'ra, dunyo aholisining 13 foizi Covid-19 ga qarshi emlangan. O'zbekistonda bu ko'rsatkich 10 foizni tashkil etadi. Emlanganlarda emlashdan keyin jiddiy asoratlar va o'lim holatlari kuzatilmadi.
emlanganda kasallik yuqmaydi, degan tushuncha ko'pchilikning ongiga singib ketgan. Aslida esa profilaktik emlash kasallik yuqishini to'liq bartaraf etmasligini eslatish joiz. Virus emlangan kishilarga ham yuqishi mumkin, ammo ularda kasallik engil shaklda, asoratlarsiz kechadi.
emlash jarayonida mavhum, ishonchsiz va asossiz targ'ibotlarga ham duch kelinmoqda. Tibbiyot mutaxassisi bo'lmagan ba'zi kishilar ijtimoiy tarmoqlar orqali emlashga qarshi, ayniqsa, yangi vaktsinalar haqida har xil xabarlar tarqatmoqda. Shuning uchun emlash va vaksinalar haqidagi ma'lumotlar ishonchli, asoslangan manbalardan olinishi maqsadga muvofiq.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, Covid-19 ga qarshi 200 dan oshiq vaktsina ishlab chiqilgan, ularning ko'pchiligi klinik sinovlardan ham o'tkazilgan, shundan 15 tasi amaliyotga tavsiya etilgan.
Aksariyat fuqarolar 2-3 marotaba emlash nima uchun kerak, deb so'rashadi. Vaksinalar odatda emlanuvchi organizmga bo'lib-bo'lib (2-3 marta), muayyan muddat oralig'ida kiritiladi. Bunday tartibda emlash tibbiyotda azaldan bor. Vaksinani organizmga qayta kiritish emlashning samaradorligini oshiradi, antitana hosil bo'lishi kuchayadi va u uzoq saqlanadi. Bu, o'z navbatida, emlangan kishining infektsiyaga qarshi kurashish quvvatini kuchaytiradi.
Covid-19 ga qarshi vaksinalarning deyarli barchasi ikki yoki uch marta emlashga mo'ljallangan.
Dunyodagi ko'plab tibbiyot muassasalarida o'tkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko'ra, “Covid-19”ga qarshi bir necha marta emlanish vaktsinaning himoya kuchini bir necha barobar oshiradi. Birinchi marotaba emlangandan ikki hafta keyin kasallikdan himoyalanish darajasi 52 foiz ekani kuzatilgan. Isroillik olimlarning tadqiqotlari natijalari Covid-19 ga qarshi ikki marotaba emlanganlarga antitanalar titri bir marotaba emlanganlardagiga nisbatan 6-12 marta ko'proq ekanini ko'rsatdi.
Covid-19 ga qarshi vaktsinani qaysi holatlarda olish kerak? Qaysi holatlarda emlash kerak emas? Bu savollar ham aholini eng ko'p qiziqtirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, har qanday kasallikka qarshi emlashda uning foydasi va zararini hisobga olish lozim. Covid-19 bo'yicha emlashda ham qarshi ko'rsatmalar mavjud. Xususan, 18 yoshga to'lmaganlar, homiladorlar, emizikli onalar, o'tkir kasalliklar xuruji davridagi bemorlar va vaksina oqsillariga o'ta sezuvchanligi bor kishilar emlanmaydi.
Shuningdek, fuqarolar emlangandan ko'ra kasallanib o'tish yaxshi emasmi, degan savolni ham ko'p beryapti. To'g'ri, emlanish masalasini har kim o'zi mustaqil yoki davolovchi shifokori ishtirokida, mavjud epidemiologik vaziyat va o'zining salomatlik holatidan kelib chiqqan holda hal qiladi. Shuni nazarda tutish kerakki, agar qarshi ko'rsatma bo'lmasa, emlash sog'liq uchun ko'proq foyda keltiradi. Chunki emlashdan keyin paydo bo'ladigan immunitet kasallanib o'tgandan keyingi immunitetdan kuchliroq bo'ladi. esdan chiqarmaslik kerakki, er yuzi aholisining 22 foizi yoki besh nafaridan birida Covid-19 ning og'ir klinik shakliga sabab bo'luvchi qo'shimcha kasalliklar mavjud. Kasallikdan keyingi asoratlar, ish kunlari yo'qotilishi, qo'llaniladigan dorilarning nojo'ya ta'siri, kasallikning oila a'zolariga yuqishi kabi salbiy oqibatlar bemorlarni davolagandan ko'ra aholini emlab, kasallikning oldini olish nihoyatda afzal ekanini ko'rsatadi.
Yurtdoshlarimizdan Covid-19 infeksiyasiga erta tashxis qo'yish, davolash va kasallikning oldini olish va unga qarshi emlashda mutaxassislar fikrlariga, ilmiy asoslangan tavsiyalarga amal qilishlarini so'raymiz.
Ha, bu nafaqat o'zimiz, atrofimizdagi barcha insonlar uchun juda muhim bo'lib, har birimizdan tezkor va to'g'ri yondashuvni talab qiladi. Zero, Prezidentimiz ham xalqimizni bu borada faol bo'lishga undagani bejiz emas.
Munojat Mo'minova