Majlisda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi, birgalikdagi ishlarning ustuvor yoʻnalishlari kelishib olindi va hamkorlikning yangi formati istiqbollari baholandi.

Tomonlar Parlamentlararo komissiyaning tashkil etilishi Oʻzbekiston-Belarus munosabatlarini rivojlantirishda muhim qadam boʻlganini taʼkidladi. Yangi mexanizm siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar sohalarda tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish, tashabbuslarni muvofiqlashtirish va uzoq muddatli hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish imkonini beradi.

Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va mahalliy vakillik organlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida urgʻu berildi. Parlament aʼzolari taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, turizm va ijtimoiy siyosat sohalarida faol tajriba almashish va loyihalarni birgalikda amalga oshirish orqali hududlar hamkorlikning drayveriga aylanishi mumkinligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi boʻlib oʻtgani, uning doirasida turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yengil sanoat, mashinasozlik va boshqa muhim yoʻnalishlar boʻyicha seksiya yigʻilishlari oʻtkazilgani yuqori baholandi. Forum ishbilarmon doiralarning amaliy hamkorlikdan manfaatdorligini tasdiqladi.

Shuningdek, ikki mamlakat yoshlar parlamentlari oʻrtasida faol hamkorlik zarurligi taʼkidlandi, bu esa yosh avlodga qonun ijodkorligida ishtirok etish, tajriba almashish va doʻstona aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.

Majlis yakunlari boʻyicha parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va yoshlarni ushbu jarayonga jalb etishga qaratilgan qoʻshma mexanizm va dasturlarni ishlab chiqishga kelishib olindi. Komissiya faoliyati Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi har tomonlama sheriklikni mustahkamlashda muhim vositaga aylanishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.