Muloqot chogʻida Amerika tomoni Oʻzbekiston Rahbariyati tomonidan Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, afgʻon xalqiga gumanitar va boshqa yordam koʻrsatish boʻyicha yuritilayotgan siyosatni yuqori baholadi.
Tomonlar afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va tizimlashtirish zarurligini qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan, Afgʻonistonga insonparvarlik yordamini yetkazib berishda Termiz shahrida yaratilgan koʻp funksiyali transport-logistika xabi imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Afgʻonistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning taʼlim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari boʻyicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning oʻxshashligi qayd etildi.
Afgʻoniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tugʻdirmasligi kerakligi alohida taʼkidlandi.
Afgʻoniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mamlakatda energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga kompleks yondashuvni ishlab chiqish muhimligi eʼtirof etildi.