Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, V.Norov uni yuksak va masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻz navbatida, Rodrigo De Lima Baen Soares mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Braziliya hukumati Oʻzbekistonni mintaqadagi muhim davlat sifatida qarab, respublika bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekani taʼkidlandi.

Siyosiy muloqotni jadallashtirish, shu jumladan, vazirliklararo maslahatlashuvlarni oʻtkazish, ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, BMT, Amerika davlatlari tashkiloti doirasida va “BRIKS+” formatida oʻzaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish maqsadida tomonlar Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiya tuzish, oʻzaro asnoda savdo uylarini ochish, Braziliya ishbilarmon doiralari vakillarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etish masalalarini oʻrganib chiqishga kelishib oldilar. Braziliya bozoriga Oʻzbekistondan tovarlarni, shu jumladan, kimyoviy oʻgʻitlar, toʻqimachilik, agrar va boshqa turdagi mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar yoʻnalishda Oʻzbekiston va Braziliya madaniyati kunlarini oʻtkazish, ikki mamlakat shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, turli tarmoqlarda mutaxassislar tayyorlash yuzasidan taʼlim va ilmiy muassasalar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Elchi braziliyalik kinokompaniyalar va sanʼat arboblarining navbatdagi “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etishga qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.