Hindiston TIV rahbari bugun Oʻzbekiston poytaxtida boʻlib oʻtgan SHHT Vazirlar kengashi majlisi yakunlarini yuqori baholab, ushbu tadbirni yuqori tashkiliy va mazmunli darajada oʻtkazgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Hindiston Oʻzbekistonning SHHT ga raisligini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini va tashkilotning Samarqandda boʻlib oʻtadigan sammitiga tayyorgarlik koʻrishda koʻmak berishga tayyorligini bildirdi.
S.Jayshankar Hindiston uchun Oʻzbekiston mintaqadagi asosiy hamkor ekanligi, u bilan aloqalarni kengaytirish rasmiy Nyu-Dehli tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlari rivojlanishidagi ijobiy surʼat Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga, BMT va SHHT, shuningdek, “Hindiston – Markaziy Osiyo” formati doirasida saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirishga tayyorligi maʼlum qilindi.
Yangi qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, transport, savdo va sanoat sohasida kelishuvlarni ishlab chiqish, Hindistonning yirik kompaniyalarini Oʻzbekiston hududida mahsulot ishlab chiqarishga jalb etish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi.
Taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, Oʻzbekistonda Hindistonning yetakchi universitetlari filiallarini ochish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Turli darajadagi boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvali muhokama etildi.
Afgʻonistondagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Hindiston tomoni 2022-yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyani yuqori baholadi. Afgʻoniston masalasida maslahatlashuvlarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.