Kanada Elchisi Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlarni yuksak baholadi. Dunyodagi murakkab vaziyatiga qaramay Oʻzbekiston islohotlar yoʻlidan izchil harakatlanishda davom etayotgani eʼtirof etildi. Kanada Hukumati Oʻzbekistonga bu yoʻnalishda koʻmak berishga tayyorligi aytib oʻtildi.
Tomonlar hamkorlikning mavjud salohiyatidan yanada samarali foydalanish zarurligi boʻyicha kelishib oldilar. E.M.Lekler taʼkidlaganidek, rasmiy Ottavaning Oʻzbekiston Respublikasi bilan siyosiy muloqotni har tomonlama rivojlantirish tarafdoridir. Birinchi qadam sifatida pandemiya tufayli qoldirilgan tashqi ishlar vazirliklararo maslahatlashuvlarni oʻtkazish koʻzda tutiladi.
E.M.Leklerning fikricha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy jabhalarda aloqalarni jadallashtirish uchun qator imkoniyatlar mavjud. Oʻzbekiston Kanada biznesi uchun istiqbolli yoʻnalish hisoblanib, mazkur mamlakat kompaniyalari respublikadagi xususiylashtirish jarayonlarida, ish oʻrinlari yaratishda, “yashil texnologiyalar”ni rivojlantirishda faol ishtirok etishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar Oʻzbekistonda ushbu mamlakatning yetakchi oliy oʻquv yurtlarining filiallarini ochish, iqtisodiyotning turli sohalarida birgalikda kadrlar tayyorlash masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdilar.
Oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tomonlar Toshkent shahrida Kanada Viza markazini ochish masalasini oʻrganishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Kanada tomoni Afgʻonistonga koʻrsatayotgan insonparvarlik yordami uchun Oʻzbekistonga minnatdorlik bildirib, mazkur koʻmak mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etishini eʼtirof etdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.