Suhbat chogʻida Oʻzbekiston bilan Jamgʻarma oʻrtasidagi turli sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
N.Lammert Jamgʻarma Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Osiyo davlatlari vakillari uchun jamgʻarmaning yillik anjumani oʻtkaziladigan joy sifatida aynan Toshkent shahrining tanlangani buning yorqin tasdigʻidir.
Jamgʻarma rahbari tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan muzokaralarning samarali natijalarini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, jamgʻarma bilan Oʻzbekiston parlamenti va siyosiy partiyalari oʻrtasida yaqin hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar jadvali boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Jamgʻarma raisi oʻzaro hamkorlikni, jumladan, tajriba almashish va tashriflar tashkillashtirish amaliyotini davom ettirish orqali yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Iqtisodiyot, ekologiya, ilmiy-tadqiqot sohalarida, qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, inson huquqlari va gender tengligini taʼminlash, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Jurnalistlar malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Fondning “Yosh jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlash” va “Professional jurnalistlarni tayyorlash” dasturlarida Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokini tashkil etishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi.
Muzokaralarda mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.