Janubiy Koreya parlamenti rahbari Markaziy Osiyo mintaqasining Seulning tashqi siyosat strategiyasida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi sifatidagi ahamiyatini ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiyot, moliya, energetika, sanoat kooperatsiyasi, axborot texnologiyalari, elektron hukumat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda erishilgan alohida strategik sheriklik darajasiga yuqori baho berildi.

Koreya tomoniga O‘zbekiston parlamentida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning barcha yo‘nalishlaridagi loyihalarning samarali amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligida tashkil etilgan maxsus komissiya haqida ma'lumot berildi.

Janubiy Koreya parlamenti Spikeri demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ahamiyatini yuqori baholadi.

O‘zbekistonning «mamlakatni demokratlashtirish va uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanish strategiyasi asoslarini huquqiy jihatdan takomillashtirish jarayonida dolzarb ehtiyoj» bo‘lgan konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish jarayonini olqishladi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni «xalq» diplomatiyasi va madaniy-gumanitar almashinuvlar yo‘li bilan rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Parlament Spikeri 85 yil davomida respublikamizda istiqomat qilib kelayotgan ko‘p millatli birodar o‘zbek oilasining to‘laqonli a'zosiga aylangan koreys diasporasini qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston hukumatiga alohida minnatdorlik bildirdi.