Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi Oʻzbekiston-Latviya hamkorligining bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

K.Gerxards Latviya tomoni Oʻzbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Latviyaning yetakchi kompaniyalarini jalb etgan holda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining Latviya bozoriga eksportini koʻpaytirish, mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni mustahkamlash orqali iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.

Qishloq xoʻjaligi sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi. Organik dehqonchilik, urugʻchilik tizimini rivojlantirish, texnikalarni laboratoriya sinovidan oʻtkazish va qishloq xoʻjaligi uskunalarini sertifikatlash texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar koʻrib chiqildi.

Uchrashuvda ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi aloqalarining dolzarb masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.