Uchrashuv Elchining V.Norovga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Tashqi siyosat idorasi rahbari Elchiga diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hamkorligining bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirishga tomonlarning oʻzaro tayyorligi taʼkidlandi. Oʻzaro hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish, parlamentlararo diplomatiyani rivojlantirish va TIVlararo maslahatlashuvlarni oʻtkazish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

Savdo, investitsiya, qishloq xoʻjaligi, turizm va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, 2022-yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan SHHTga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashi majlisida Moʻgʻuliston delegatsiyasining ishtiroki yuzasidan tegishli masalalar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.