Turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzbekiston va Oʻmon siyosiy muloqotni, jumladan, siyosiy maslahatlashuvlar, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, delegatsiyalarning tashriflarini oʻzaro asosda tashkil etish orqali yoʻlga qoʻyishga tayyorligi bildirildi.
BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi oʻzaro hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Elchi Oʻmon hukumati Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va oʻzgarishlar dasturini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi hamda uning samarali amalga oshirilishini taʼminlashda zarur koʻmak koʻrsatishga tayyorligini alohida taʼkidladi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Oʻmon investitsiyasini jalb etish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar, ilmiy-tadqiqot va taʼlim sohasidagi almashinuvlarni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.