Uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan Oʻzbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlari rivojlanishining ijobiy surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning borishi koʻrib chiqildi.
Boʻlajak uchrashuvlar jadvali, jumladan, Pokiston tashqi ishlar vazirining Oʻzbekistonga tashrifi yuzasidan fikr almashildi.
Boʻlajak uchrashuvlar, jumladan, 2022-yil 28-29-iyul kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Pokiston tashqi ishlar vazirining Oʻzbekistonga tashrifi boʻyicha fikr almashildi.
Oʻzbekiston va Pokistonning xalqaro maydonda, xususan, BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni, xususan, ikki mamlakat oʻrtasida imzolangan tranzit va imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasidagi kelishuvlarni kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollarigacha oshirish yuzasidan saʼy-harakatlari yakdil ekanligi tasdiqlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Pokiston tomonlari madaniy-gumanitar almashinuvlar sohasidagi aloqalarni kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.