V.Norov suhbat avvalida J.Kulubayevni lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va uning kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar turli sohalarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, yangi mazmun bilan boyigani taʼkidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada jadallashtirish boʻyicha choralarni amalga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Boʻlajak tadbirlar jadvali, kun tartibi va tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Iliq va doʻstona ruhda oʻtgan suhbat yakunida muntazam aloqalarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.