Muloqotda ikki davlat fuqarolarining o‘zaro sayyohlik va xizmat safarlariga ortib borayotgan talabini qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida aviaqatnovlarni oshirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Koreya tomoniga O‘zbekistonda turizm sohasi milliy iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida qaralishi aytib o‘tildi. Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda qisqa vaqt ichida xorijlik sayyohlar kelishi va sayyohlik infratuzilmasi ob’ektlari soni sezilarli darajada oshdi.
Shuningdek, qadimiy Samarqandning ulkan turistik salohiyati, jumladan, yangi qad rostlagan xalqaro aeroport hamda zamonaviy mehmonxonalar majmuasiga ega «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazi imkoniyatlariga ham e’tibor qaratildi. «Samarqand» xalqaro aeroportida «ochiq osmon» tartibi joriy etilgan bo‘lib, bu xalqaro huquq normalariga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va parvozlar yo‘nalishlarida cheklovlar olib tashlanganidan dalolat berishi ta’kidlandi.
Ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan Toshkent va Samarqand shaharlariga «Tʻway Air» aviakompaniyasining parvozlarini yo‘lga qo‘yyish masalasini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.