V.Norov mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlar ekan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasida koʻp qirrali va keng koʻlamli hamkorlikda misli koʻrilmagan oʻsish surʼatlari kuzatilib, bu ikki davlat rahbarlari belgilab bergan ishonchli strategik siyosatning yorqin ifodasi ekanligini taʼkidladi.

Davlatlararo munosabatlarning ijobiy surʼati ikki mamlakat ilmiy tahliliy muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilyapti. Jumladan, Oʻzbekiston va Rossiya “aql markazlari” faol va konstruktiv muloqotni yoʻlga qoʻygan boʻlib, turli masalalar yuzasidan fikr va tahliliy tajriba almashilyapti. Yirik qoʻshma tadbirlar tashkiliy va mazmunan yuqori darajada tashkil etilib, ularning yakunlari boʻyicha aniq asosga ega takliflar ishlab chiqilyapti.

T.Bordachyov Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar dasturi jarayoni va bu borada erishilgan natijalariga yuksak baho berar ekan, respublika siyosiy-huquqiy tizimi, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-maʼnaviy hayoti tubdan oʻzgarganini eʼtirof etdi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasining zamonaviy tashqi siyosatining gʻoyat muhimligi, buning natijasida mamlakat dunyoning barcha davlatlari va xalqaro institutlar bilan teng huquqli, pragmatik hamda konstruktiv munosabatlar oʻrnatishga muvaffaq boʻlgani alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.