Holat aniqlangan zahoti Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonalari xodimlari jabrlanuvchilar bilan tezkor aloqa oʻrnatib, ularga zarur huquqiy yordam koʻrsatgan, deya maʼlum qildi Oʻzbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Yusuf Kabuljanov.

Uning taʼkidlashicha, fuqarolarimiz tomonidan Vladivostok shahar Ichki ishlar boshqarmasiga rasmiy ariza topshirilgan. Masala yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Vladivostokdagi vakolatxonasi hamda Primorsk oʻlkasi prokuraturasiga tegishli notalar yoʻllangan.

Maʼlumotda qayd etilishicha, mazkur voqea Oʻzbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi hamda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.

Tashqi ishlar vazirligi OAV vakillarini xabarlarni notoʻgʻri talqin qilmaslikka, faqat rasmiy maʼlumotlar asosida tarqatishga chaqirdi.