“Vobkent tola klaster” MCHJ faoliyatini kengaytirmoqda

    Vobkent tumanida engil sanoat to'qimachilik tarmog'i keyingi yillarda rivojlanish yo'liga chiqdi.

    Masalan, faoliyat boshlaganiga bir necha yil boʻlgan “Ekvatorial Chodak” MCHJ ni olsak, korxonada xom ashyodan faqat ip–kalava yigirish bilan toʻxtalib qolmasdan, 5 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya kiritish hisobidan xalqaro talabga javob beradigan jinsi matosi ishlab chiqarilishi, shu qatorda jinsi shim va krasovka ishlab chiqarilayotgani bu yerda mahsulot eksportini kengaytirish imkonini bermoqda. Bugunga kelib qariyb 500 nafar kishi mehnat qilayotgan hamda Turkiya, Yaponiya va Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan bu korxonada har kuni 5 mingdan ziyod zamonaviy bichimdagi mahsulot tayyorlanayotgani mahalliy byudjetni ham boyitmoqda. Korxona taʼsischilaridan biri Aʼzamjon Norqoʻziyevning aytishicha, korxonaning yuz foiz tayyor mahsuloti eksportga yoʻnaltirilgan. Tayyor kiyim-kechak ayirboshlash hisobidan bu yerda ishlayotganlarning moddiy manfaatdorligi oshib bormoqda va ularning uchdan ikki qismi yoshlar ekanligi korxona istiqbolidan dalolat.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 21-22-yanvar kunlari viloyatga amalga oshirgan tashrifi munosabati bilan jumladan, Vobkent tumanida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Vobkent tola klaster” MCHJ faoliyatini toʻla quvvat bilan tashkil etishga kirishilgandi. Bu borada aynan “Ekvatorial Chodak” MCHJ faoliyat olib borayotgan manzil yaqinida, “Doʻstlik” mahallasining Gʻafur Gʻulom koʻchasidagi 54-uyda unga munosib raqobatchi sifatida ip-kalava yigiruv korxonasi ish boshladi. Bunda xom ashyoni qayta ishlash, yigiruv va oʻrov sexlari qurilish–taʼmiriga, zarur dastgohlar bilan jihozlashga umumiy qiymati 45 million AQSH dollari miqdorida sarmoya sarflandi.

    — Mazkur fabrika loyihasi 2018-yilda ishlab chiqilgan, – deydi “Vobkent tola klaster” MCHJ rahbari Vahob Mirzahakimov. — Oʻsha yili 15-avgustda korxonamiz bilan “Construction” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanganidan soʻng, Vobkent tumani hokimining qaroriga muvofiq sobiq “Buxoroteks” toʻqimachilik korxonasining Vobkent filialidan 3 gektar yer maydoni — shu hududdagi boʻsh bino va inshootlari ajratib berilgan. Korxona faoliyatini boshlaganidan soʻng bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotning 18,5 million AQSH dollariga teng miqdordagi mahsuloti, yaʼni 70 foizi eksportga moʻljallangan boʻlib, 7,9 million AQSH dollariga teng mahsulot, yaʼni 30 foiz tovarni ichki bozorga yoʻnaltirish belgilangan. Bir paytlari katta salohiyat bilan ishlagan va keyingi yillarda inqirozga yuz tutib, qarovsiz qolgan avvalgi Vobkent paxtani qayta ishlash kombinati oʻrnida, 6,4 gektarni egallagan maydonning 2 gektardan oshiq qismida qayta qurishni amalga oshirib, shundan 21 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoyaga Germaniya, Turkiya, Hindiston, Chexiya, AQSH, Ispaniya kabi ilgʻor davlatlardan zarur uskuna va dastgohlarni xarid qilib, keltirib oʻrnatdik. Shu yil mart oyidan bevosita ishlab chiqarishni boshlagan boʻlsak, ichki imkoniyatlar hisobidan fabrikamiz ishchilari sonini 550 nafarga yetkazdik. Ularning aksariyati uyda ishsiz va daromadsiz oʻtirgan xotin-qizlar boʻlib, vobkentliklardan tashqari, Gʻijduvon tumanining Labiroʻt va Gajdumak, Shofirkon tumanining Oqrabot, Uchon, Chandir kabi qishloqlaridan qatnab ishlashmoqda. Bizda uch smenada ish tashkil etilgan boʻlib, har bir ishchining oʻrtacha oylik maoshi 1,1 million soʻmni tashkil etmoqda.

    Fabrikaning ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga nazar solsak, shu yil 1-iyul holatida jami 581 tonna ip-kalava ishlab chiqarilgan. Bu mahsulot pulga chaqilganida, 13 milliard 250 million soʻmga yetadi. Zarur xomashyo — paxta tolasi esa viloyatdagi tayyorlov korxonalaridan tashqari Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridan xarid qilinadi. Tayyorlanayotgan mahsulot Turkiya va Xitoy davlatlaridagi buyurtmachilarga yetkazib berilib, byudjetga valyuta olib kirilmoqda. Iqtisodiy jihatdan, korxonaning quvvatini bir yilga qariyb 10 ming tonna hajmida ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish maqsad qilingan.

    Bundan tashqari, “Vobkent tola klaster” MCHJ da kelgusi yil boshidan yangi loyiha amaliyotiga kirishilgan. Faqat ip-kalava bilan cheklanib qolmasdan, boʻz kabi tayyor mato va uni boʻyash sexi ishga tushirilishi koʻzda tutilgan. Mazkur loyiha tufayli ichki va tashqi bozorga yoʻnaltirilayotgan tayyor mahsulot tannarxi oshirilishi, foyda ortishi barobarida mahalliy aholi vakillaridan yana 300 ga yaqin fuqaroni ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.