O‘tgan tarixan qisqa, ammo mazmunan asrlarga tatigulik davrda xalqimiz “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk maqsadlar atrofida jipslashdi. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, eng avvalo, “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor tamoyil mujassam bo‘lib, uning amaliy ifodasini har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida, kundalik turmush tarzida topmoqda. Bugun yurtimizning qay bir hududiga bormang, shiddatli bunyodkorlik va yangilanishlarga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, vodiy gavhari bo‘lmish Farg‘ona viloyatida iqtisodiy yuksalish, investitsiyaviy jozibadorlik va ijtimoiy sohalardagi ulkan o‘zgarishlar milliy taraqqiyotimizning yorqin ko‘zgusiga aylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan xalqni rozi qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hududlarni kompleks rivojlantirish g‘oyasi bugun Farg‘ona zaminida yuqori sur’atda yangicha mazmun kasb etmoqda. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo BOZOROV bilan suhbatimiz ana shunday qutlug‘ yangilanishlar, hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘zgarishlar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar haqida kechdi.

— Xayrullo Hayitboyevich, Prezidentimiz joriy yilning 27-28-aprel kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida ­iqtisodiyot, sanoat, eksport, investitsiya hajmini oshirish bo‘yicha ko‘plab topshiriqlar berdi. Ularning ijrosi qanday amalga oshirilayotgani to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.

— Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bir qarashda oddiy voqeadek ko‘rinadi. Chunki Prezidentimiz joylardagi islohotlar, aholi turmush tarzi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun barcha hududlarga borib turadi. Biroq biz uchun Farg‘ona viloyatiga tashrifning o‘rni, ahamiyati har doim o‘zgacha. Negaki Prezidentimizning

27-28-aprel kunlaridan oldingi tashrifi chog‘ida tilga olingan raqamlar bugunga kelib hayotiy haqiqatga aylandi. Yangi tashrif viloyat rahbariyati, mas’ullari oldiga yanada ulkan vazifalar qo‘ydi.

Oxirgi yillarda Farg‘ona viloyatidagi tizimli islohotlar o‘zining samaralarini ko‘rsatmoqda. Yer va qazilma boyliklar cheklangan bo‘lishiga qaramay, hududda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va axborot texnologiyalari sohalarida barqaror o‘sish ta’minlandi. Investitsiya va tashqi savdo sohasida ham sezilarli o‘sishga erishildi. Eksport hajmi izchil oshdi, eksportchi korxonalarning soni ko‘paydi.

Birgina misol: davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 dekabrdagi Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, 2025 yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramik granit plita ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyiha 1 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifati va texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirg‘iziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi.

So‘nggi o‘n yillikda Farg‘ona viloyati iqtisodiyotiga jami 8 milliard 200 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb etilib, 8000 ta zamonaviy ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bu raqamlar ortida ming­lab yangi ish o‘rinlari va millionlab insonlarning taqdiri mujassam. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 trillion so‘mlik ulkan resurs yo‘naltirilgani, tijorat maydonlarining 10 million kvadrat metrga kengaygani hududda biznes muhiti nechog‘liq rivojlanganidan dalolat beradi. Kichik va o‘rta biznes subyektlari soni ikki barobar ortib, 13,5 mingtaga yetgani viloyatni haqli ravishda “tadbirkorlar yurti”ga aylantirdi.

Joriy yilda 30 dan ortiq davlatdan inves­titsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Ular orasida ko‘p yillik hamkorlarimiz bo‘lgan Xitoy, Turkiya, Rossiya bilan birga Qatar, Kanada kabi ilk marotaba investitsiya kiritayotgan davlatlar ham bor. Kelgusida investitsiya o‘zlashtirish va eksport uchun yangi bozorlar topish maqsadida qator davlatlarga borishni reja qilganmiz.

Farg‘ona mahsulotlari dunyo bozorini egallamoqda. O‘tgan yili 1,3 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi. Mahsulotlar Xorvatiya, Ruminiya, Gretsiya, Jazoir, Tailand, Shvetsiya kabi 11 ta davlat bozorlariga kirib bordi.

Davlatimiz rahbarining har galgi tashriflaridan keyin juda keng ko‘lamdagi ishlar bajariladi. Prezidentimiz qo‘ygan bu yilgi vazifalarning salmog‘i ham ulkan. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili bilan tanishib, bu yil mutlaqo yangi darajadagi topshiriqlar berdi. “Men endi kambag‘allik darajasining qaysidir 3-4 foiz pasayishini qabul qilmayman, yil yakuni bo‘yicha Farg‘onadagi har bitta tuman kambag‘allikdan, ishsizlikdan xoli hududga aylanishi shart”, degan vazifani qo‘ydi Prezidentimiz. Bu vazifa har birimizning zimmamizga, avvalo, katta mas’­uliyat yuklaydi. Qolaversa, hududlarda bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya, eksport hamda atrof-muhitni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratishga undaydi. Bundan tashqari, mahallalarda meva-sabzavot yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar orqali eksportni ko‘paytirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari Farg‘onaga tashrifi doirasida viloyatdagi 50 ming gektar kam hosilli paxta va g‘alla maydoni hamda samarasi kam bog‘lar o‘rnida super intensiv bog‘lar barpo etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Ular ijrosi bo‘yicha Toshloq tumanida amaliy ishlar bajarilmoqda. Xususan, Toshloq tumani “Varzak” MFY hududidagi 712-713 konturlarda joylashgan 4,76 gektar maydonda yangi bog‘ barpo etish ishlari boshlandi.

Umuman, bu qadimiy diyor taraqqiyotning yangi bosqichida. Zamonaviy uy-joylar, yuqori texnologiyali zavodlar, innovatsion agromajmualar va hududlarni o‘zaro bog‘laydigan transport tizimi viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Farg‘ona bugun investorlar uchun jozibador maydonga, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay zaminga, xalq uchun esa baxtli yashashga arziydigan istiqbolli o‘lkaga aylandi. Viloyatdagi o‘zgarishlar davlatning e’tibori va xalqning mehnati birlashgan joyda nimalar ro‘y berishi mumkinligining ibratli namunasi bo‘lmoqda.

— Farg‘ona viloyati 2026-yilda “Fitch Ratings” agentligining “BB — Barqaror” reytingini qo‘lga kiritib, mamlakatimizda ikki xalqaro reytingga ega ilk hududga aylandi. Ushbu ko‘rsatkichlar hudud uchun qanday yangi imkoniyatlar eshigini ochadi?

— Joriy yil 7-may kuni “Fitch Ratings” xalqaro agentligi veb-saytida Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingi “BB-” darajasida, prognozi esa “Barqaror” (Stable Outlook) etib baholangani to‘g‘risida rasman e’lon qildi. “Fitch Ratings” xalqaro moliya bozorlarida eng nufuzli “Katta uchlik”ka kiruvchi Amerika-Britaniya reyting agentligi hamda u xalqaro reyting bozorining 95 foizini ­boshqaradi.

Avvalroq, 2025-yil noyabrda “S&P Global” xalqaro reyting agentligi Farg‘ona viloyatining kredit reytingini “B+” darajasidan “BB-” darajasigacha oshirgan. Haqiqatan, u hozir mamlakatimizda ikki nufuzli xalqaro kredit reytingini olgan yagona hudud bo‘lib turibdi. Xalqaro reyting agentliklarining mazkur qarori viloyat moliyaviy barqarorligi mustahkamlanayotgani, jumladan, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar yaxshilanayotganini aks ettiradi.

Farg‘ona viloyati “Fitch Ratings” agentligi tomonidan baholangan O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri, Armaniston poytaxti Yerevan shahri hamda Turkiyaning Konya shaharlari bilan teng darajada (“BB- / Barqaror”) va Turkiyaning Balikesir shahridan (“B+ / Barqaror”) bir pog‘ona yuqori reyting olgani ham e’tiborga loyiq.

“Fitch Ratings” Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratib, u mamlakatning eng yirik va iqtisodiy faol hududlaridan biri ekanini ta’kidlagan. Mazkur xalqaro kredit reytingining berilishi Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy investorlar ishonchini mustahkamlash hamda kelgusida yirik infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, bu baho hududdagi iqtisodiy islohotlar, budjet boshqaruvi va moliyaviy intizom samaradorligining xalqaro moliya institutlari tomonidan e’tirof etilganining yorqin ifodasidir.

Tashqi makroiqtisodiy o‘zgarishlarga qaramay, viloyatimiz barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlagan holda investitsiyaviy faol­likni kengaytirish va eksport ­salohiyatini oshirish bo‘yicha izchil rivoj­lanishda davom etmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi kabi xalqaro yig‘inlar viloyatimiz uchun nihoyatda samarali va manfaatli maydonga aylandi. Bu yil beshinchi bor o‘tkazilgan forum doirasida muhim kelishuvlarga erishilib, yangi investitsiya loyihalarini boshlashga zamin yaratildi. Eng muhimi, xalqaro investorlar va ishbilarmon doiralarning viloyatga ishonchi ortib, hamkorlar geografiyasi kengaymoqda.

Forum doirasida Buyuk Britaniyaning “Tanto Capital Partners” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchi hamkori Ozan M. Ozkural, BAAning “Welmonde Healthcare Group” asoschisi Mohammed Nisam, shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi FinAlyzer vakillari va boshqa qator xorijiy kompaniya egalari bilan uchrashuv o‘tkazib, investitsiyalarni jalb etish va istiqbolli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Uchrashuvlar yakunida o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldik.

— So‘nggi yillarda viloyatda AT xizmatlari jadal rivojlanmoqda. “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturi bo‘yi­cha sertifikatga ega yoshlarning eng ko‘pi Farg‘onaga to‘g‘ri kelayotgani ham buning isbotidir. Xo‘sh, sun’iy intellektdan maqsadli foydalanish, iqtisodiyot istiqbollarini belgilash borasidagi ishlar qanday ketyapti?

— Darhaqiqat, bugun Farg‘ona yoshlari zamonaviy texnologiyalar, arxitektura, sanoat, sun’iy intellekt, AT va innovatsion loyihalarda dadil qadam tashlayapti.

Birgina misol: Farg‘ona shahridagi ­Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Otabek Komilov yil boshida dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Mohammed Bin Zayed University of Artificial Intelligence (MBZUAI) universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilingan edi. Ushbu ta’lim dargohi dunyoda sun’iy intellektga ixtisoslashgan birinchi universitet bo‘lib, QS xalqaro reytingiga ko‘ra sun’iy intellekt yo‘nalishida dunyoning TOP-10 universiteti safidan joy olgan.

Bunday iqtidorli yoshlarni yonimizga olib, davlat idoralaridagi har bir xizmatni, har bir jarayonni raqamlashtirib, aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratishga harakat qil­yapmiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahallalarning ustunliklarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, ish o‘rni, qo‘shilgan qiymat, aholi daromadini ko‘paytiradigan loyihalar ishlab chiqilsa, startap klub tashkil qilinib, yangi kreativ g‘oyalar hayotga tezroq joriy etilsa, viloyat iqtisodiyotida “katta sakrash”, odamlar hayotida tub burilish bo‘ladi.

Shu maqsadda Prezidentimiz tashrif chog‘ida Farg‘ona shahridagi AT park maj­muasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan edi. Mazkur majmua davlatimiz rahbarining 2024 yil avgustdagi tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida barpo etilgan. Ushbu yirik obyekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3000 dan ortiq yoshni o‘qitish, amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayoni o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi. Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 ga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni ochish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sun’iy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt, das­turlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.

Bugun viloyatimizda 10 ga yaqin davlatda fao­liyat yuritayotgan nufuzli kompaniyalar ofislari ochildi. Jumladan, AQShdagi “Silk Road”, “Foresight Intelligence” va “Pro Team Solutions” kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, filiallari tashkil etildi. Shuningdek, Yaponiyada faoliyat yuritadigan “Micado IT Development” kompaniyasining filiali ham ish boshladi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirgan holda joriy yilda viloyatda frilanserlar sonini 6500 nafarga, AT park rezidentlarini 200 taga oshirish, AT xizmatlar eksporti qiymatini 50 million dollarga hamda sohadagi ish o‘rinlari 2500 taga yetkazishni reja qilganmiz. Qolaversa, viloyatda axborot texnologiyalari sohasini jadal rivojlantirish maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshiriladi.

EPAM, CISCO, Microsoft, Huawei kabi xalqaro AT maktablari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xalqaro standartlar asosida 500 mutaxassis tayyorlanadi hamda yiliga 800 bitiruvchining mahalliy va xalqaro mehnat bozorida ishga joylashishi ta’minlanadi.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatimizga kelgan Janubiy Koreyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — SeoulTech universiteti rektori Kim Dongxvanni qabul qildik. Muloqotda o‘tgan yili delegatsiyamizning Janubiy Koreyaga xizmat safari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda Farg‘ona davlat texnika universiteti va Qo‘qon universiteti bilan sun’iy intellekt hamda axborot texnologiya­lari sohasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga yo‘naltirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Sanoat va ilm-fan integratsiyasini Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi asosida mustahkamlash, AT parkning Farg‘ona viloyati filiali bilan amaliy hamkorlikni rivoj­lantirish, sanoat korxonalari uchun raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yo‘nalish­larida yuqori malakali mahalliy mutaxassislar tayyorlash yuzasidan fikr almashdik.

Uchrashuv yakunida SeoulTech universiteti, Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda AT parkning Farg‘ona viloyati filiali o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu soha bo‘yicha yoshlarimizda qiziqish ko‘p ekan, biz mana shunday yangi-yangi loyihalarga qo‘l urishdan charchamaymiz.

— Bugun Farg‘onada aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli choralar asosida qanday tizimli vazifalar amalga oshirilmoqda?

— Prezidentimiz barcha ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning samaradorligi eng quyi bo‘g‘indagi real ahvolga, ya’ni oddiy odamlarning hayotiga qanchalik ta’sir qilayotganiga qarab baholanishini boshidanoq qat’iy talab qilib keladi. Chunki mamlakat miqyosidagi har qanday katta islohot agar mahalla darajasiga tushmasa, har bitta ­xonadon eshigini qoqib kirmasa, kutilgan natijani bermaydi.

Bugun mahalla aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, daromadini oshirish va band­ligini ta’minlash bo‘yicha asosiy o‘sish nuqtasiga aylanib ulgurdi. Har bir mahallaning o‘ziga xos imkoniyatlari, tabiati, infratuzilmasi va aholisining ko‘nikmalaridan kelib chiqib, ichki drayverlarni aniqlash hamda ishga solish iqtisodiy barqarorlikning eng to‘g‘ri va samarali yo‘li ekanini tushundik.

Hokim yordamchilari, xotin-qizlar faol­lari va boshqa mas’ullarning bevosita xonadonbay o‘rganishi natijasida har bir hududning ixtisoslashuvi aniqlanyapti. Bir mahalla bog‘dorchilik yoki issiqxona xo‘jaligiga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqasi hunarmandchilik, tikuvchilik yoki xizmat ko‘rsatish sohalarida yuqori salohiyatga ega. Ushbu tabiiy va an’anaviy afzalliklarni aniqlab, ularni moliyaviy hamda tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash qisqa muddatda minglab ish o‘rinlari ochish imkonini ­beryapti.


Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlashda imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklarining aynan mahalla darajasigacha tushirilgani hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Ilgari oddiy fuqaro o‘z biznesini boshlash uchun oylab idoralar eshigida sarson bo‘lgan. Bugun imkoniyatlar uning xonadoniga kirib bormoqda. Tomorqadan unumli foydalanish, kichik ishlab chiqarish liniya­larini yo‘lga qo‘yish yoki oilaviy korxonalar tashkil etish orqali odamlar nafaqat o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlayapti, balki qo‘shnilariga ham ish o‘rni ochyapti. Natijada xonadonlar daromad manbaiga, mahallalar esa iqtisodiy faollik markazlariga aylanmoqda.

Bugun viloyatimizdagi 55-60 foiz mahallalarning ixtisoslashuvi to‘liq yakuniga yetdi deb ayta olamiz. Masalan, Buvayda tumanidagi har bir mahallaning o‘ziga yarasha ixtisoslashuvi bor. Uchko‘prik tumani esa mahallalarning sanoatlashuvi nuqtayi nazaridan, o‘ylashimcha, res­publika miqyosida yetakchi tumanlardan.

Yaqinda Bag‘dod tumanidagi mahallalarni ko‘zdan kechirganimizda qalampir yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan ikkita yosh tadbirkor bilan uchrashdik. Shu ikkisi butun boshli mahallani ish bilan ta’minlayapti. Qalampirdan yiliga uch marta hosil olayotgan ekan. Bunday tadbirkorlar juda ko‘p.

Masalan, shu tumanning Irg‘oli mahallasida yangi iqtisodiy drayver — lolachilik yo‘nalishi shakllantirilmoqda. Hududda lolachilikka ixtisoslashgan mahalla drayverini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda yangi ish o‘rinlari ochish borasida izchil ishlar bajarilmoqda. Bir necha yildan buyon Niderlandiya lolalarini yetishtirib, yuqori daromad olib kelayotgan bir tadbirkor faoliyati alohida e’tirof etildi hamda ilg‘or tajriba sifatida mahalla ahliga tavsiya qilindi.

Uchko‘prik tumanini olaylik. Tumanning unumdor va serhosil bog‘larida ayni kunlarda shaftoli pishig‘i qizg‘in pallaga kirdi. Tuman aholisi asosan bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib, yildan yilga mo‘l hosil yetishtirmoqda. Bugun uchko‘priklik bog‘bonlar parvarishlagan sifatli shaftolilar nafaqat ichki bozorlarni, balki eksport bozorlarini ham egallab boryapti. Ayrim fermer xo‘jaliklari bir mavsumning o‘zida 300-400 million so‘mgacha daromad olmoqda.

Keyingi yillarda Farg‘ona tumanidagi o‘nlab mahallalarda malinachilik hududni iqtisodiy rivojlantirish drayveriga aylanmoqda. O‘z navbatida, sohaga innovatsion g‘oyalar hamda ilg‘or xorijiy tajriba keng joriy etilishi natijasida yildan yilga tarmoqning eksport salohiyati yuksalib bormoqda.

“Sanoat” MFY hududidagi 33,2 gektar yer “Turon Farg‘ona bog‘lari” MCHJ tomonidan ijaraga olinib, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida malina plantatsiyasini tashkil etish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 10 milliard so‘mni tashkil etib, mablag‘lar tashabbuskorning o‘z hisobidan yo‘naltirilyapti. Mazkur loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni ochish hamda uni 2026 yil yakunida ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Bu yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlashda yangi yondashuvlarni amalga oshiramiz. Quva tumani “Karkidon” suv omboriga tutash hududdagi adirlikda agrovoltaika usulida 50 gektar maydonda quyosh paneli o‘rnatilib, tagida uzumchilik hamda yana 50 gektar yerda chorvachilik va baliqchilik xo‘jaligi tashkil etilmoqda.

Uzumzorlar 100 ta kambag‘al oilaga 50 sotixdan bo‘lib berilib, 250-300 kishining bandligi ta’minlanadi. Chorvachilik va baliqchilikda ham kamida 100 ga yaqin odam ishga joylashtiriladi. Bu jarayonda kambag‘al oilalar quyosh panelidan yiliga 70 million so‘mgacha daromad olib, uzum parvarishlaydi. Qator orasiga ekilgan ekinlardan 50-60 million so‘m foyda ko‘radi. Uzum hosilga kirganda yana 60-70 million so‘m daromad olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu orqali 100 ta oila kambag‘allikdan chiqariladi.

Lekin bu eng yuqori natija emas. Hali qilinadigan ishlar nihoyatda ko‘p. Muhimi, qaynoq jarayonning ichidamiz — shiddatimizni, jur’atimizni bundan buyon ham so‘ndirmay davom etishimiz shart.

— Turizm sohasida viloyatda qator imkoniyatlar mavjud va o‘ziga xos tajriba ham to‘plangan. Endi agro, eko va ziyorat turizmi yo‘nalishlaridagi istiqbolli rejalar qaysi jabhalarda aks etadi?

— So‘nggi yillarda agroturizm, ekoturizm, tibbiyot turizmi kabi iboralar paydo bo‘ldi. Endi xorijlik sayyohlar va vatanimiz bo‘ylab sayohatga otlangan yurtdoshlarimiz ona zaminimiz in’om etayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan va sayyohlar uchun mahsulotlarini taqdim etayotgan tadbirkorlar huzurida bo‘ladi. Dalalarda yetishtirilayotgan turfa ne’matlardan tatib ko‘radi. Bunda ham hordiq chiqariladi, ham salomatlik tiklanadi. Chunki eko va agrar turizm mas¬kanlaridagi bir-biridan sarxil mevalar, uzumzorlar ko‘rgan ko‘zni quvnatadi, u yerda yetilgan mevalar tanaga darmon, ruhga quvvat bag‘ishlaydi. Dorivor giyohlar plantatsiyasi, turli mamlakatlardan keltirilgan o‘simlik¬lar ekilgan issiqxonalardagi manzara esa kishiga zavq bag‘ishlaydi.

Farg‘ona viloyatining turizm salohiyatini to‘liq ishga solish bo‘yicha qilinayotgan ishlar natija bermoqda. Keyingi yillarda hududga xorijlik sayyohlar tashrifi bir necha barobar oshgani ham buning yaqqol dalilidir.

Qadimiy Marg‘ilon shahri bu borada katta imkoniyatlarga ega. Davlatimiz rahbari qarori asosida bu yerda “Burhoniddin Marg‘inoniy” majmuasi barpo etildi. 35 gektar maydonni egallagan majmuada sayyohlar uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda.

Buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish majmuaning asosiy yo‘nalish¬laridan. Shu bilan birga, hududda qadimiy hunarmand¬chilik an’analarini saqlash, ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Majmuada “Otabek va Kumush uyi” muzeyi ham tashkil etilgan. Uning devorlarida “O‘tkan kunlar” romani sahnalari jonlantirilib, adabiyot va tarixni uyg‘unlashtirgan noyob muhit yaratilgan. Shuningdek, qisqa muddatda bunyod etilayotgan ushbu muhtasham turizm maj¬muasida 5 ta “Wyndham” va “Hilton” brendi asosida 5 yulduzli mehmonxonalar va mehmon uylari, 15 ta restoran, 3000 o‘rinli amfi¬teatr, 500 o‘rinli Maqom teatri markazi, ko‘rgazmalar paviloni, 60 ga yaqin do‘kon, 150 ta savdo rastasi, Marg‘ilon an’analarini o‘zida mujassam etgan 11 ta usta hunarmandlar uyi, 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi gastronomik ovqatlanish majmualari, Sharq bozori, favvoralar, sayr uchun 8 kilometrli sohil bo‘yi yo‘lagi ishga tushiriladi.

Ana shunday ishlar hisobiga viloyatga turistlar oqimi qo‘shimcha 1 millionga oshadi. Xizmat ko‘rsatish qiymati 1,2 trillion so‘mga ko‘payadi. Kamida 2000 ta ish o‘rni ochiladi.

Farg‘ona viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Karkidon” suv ¬ombori atrofidagi minglab gektar yer asrlar davomida ko‘pning e’tiboridan chetda qolardi. Tosh-shag‘aldan iborat, ko‘z ilg‘amas dala-dashtlar qarovsiz, kimsasiz edi. Prezidentimiz tashrifidan so‘ng yurtimizda sayyohlikni rivojlantirishga qaratilgan hayotbaxsh loyihalar bu yerda yangi imkoniyatlar eshiklarini ochdi.

Suv ombori ayni kunda vodiyliklarning yozgi dam olish va ekoturizm uchun eng jozibador manzillaridan. Hudud salohiyatidan samarali foydalanib, avval yaydoq dala bo‘lgan manzil bugun turistik xabga aylantirildi. Hududda qiymati 635 milliard so‘mlik zamonaviy sayyohlik majmuasi shakllanmoqda. Bu yerda agro, ekstremal va ekoturizmlarni o‘zida jamlagan muhtasham kompleks qad rostlayapti. Suv omborining ikki yonidagi tepaliklar orasiga dor yo‘li tortilib, harakatlanuvchi osma kabinalar qo‘yiladi. Ular ikki qirg‘oqni bir-biri bilan bog‘laydi va dam oluvchilarda hayajonli, unutilmas taassurot qoldiradi. Uning qirg‘og‘ida cho‘milish havzalari, suv attraksionlari, quyosh nurida toblanish uchun sharoitlar yaratilyapti. Bolajonlar uchun qum burchaklari tashkil etilmoqda.

Zamonaviy mehmon uylari, agroturizm majmuasi, gulzor, o‘ta foydali lavandazor, ekobozor, so‘lim xiyobonlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari mavsum davomida sayyohlar xizmatida. Shuningdek, yuzdan ortiq tadbirkorlik subyektida 2000 ga yaqin yangi ish o‘rni ochildi.

Bu yerda motokross maydonlari, ikki kilometrli dor yo‘li, karting va golf maydonlari ham tashkil etilyapti. Belgilangan rejaga ko‘ra, majmua keyingi yili to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.

Ushbu hududda turizm rivojlangan davlatlar amaliyotini qo‘llash maqsadida Turkiya, Xitoy va BAAga mutaxassislar yuborilib, ularning ishlash uslublari va tajribasi bilan tanishib kelindi.

Misol uchun, 12 gektar maydonda Dubaydagi “Dubay Mirakl Garden” uslubidagi gullar parki tashkil etilmoqda. Boshlagan ishlarimiz natijasida hozir chet ellik investorlar bu yerdagi qurilish ishlariga qiziqish bildirib, o‘zlari taklif bilan chiqmoqda.

Bundan tashqari, Farg‘ona tumanida “Shohimardon — Yordon” xalqaro kurort zonasi, “Vodil” malina-agroturizm klasteri, “Avval” ko‘ngilochar turizm majmuasi va “Chimyon” sanatoriy-kurort zonasi kabi lo¬yihalar amalga oshirilmoqda.

Turistlar soni ko‘p, lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu hali biz kutgan natija emas. Uzog‘i ikki yilda Farg‘onada turizm bo‘yicha hali shunday ishlar qilamizki, xorijiy va mahalliy ¬turist¬l¬arning viloyatda qolish muddati

10 kungacha uzayadi, tashrif obyektlari soni esa bir necha barobarga oshadi.

— Xayrullo Hayitboyevich, mazmunli suhbat uchun sizga ko‘pdan ko‘p rahmat.