Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston voleybol federatsiyasi rahbariyatida amalga oshirilgan oʼzgarishlar natijasida ushbu sport turi rivojida yangi davr boshlandi, deyish mumkin. Аvvalo musobaqalar soni oshdi. Endilikda nafaqat kattalar va yoshlar, hatto oʼsmirlar oʼrtasida ham musobaqalar oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyildi.

Musobaqalarni tizimli ravishda oʼtkazishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Barcha yosh toifasidagi musobaqalar xalqaro qoidalar asosida oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyildi. Bu esa oʼyinlardan keyin turli noroziliklarning kelib chiqishi, hakamlikdaki noxolisliklarga barham berishga xizmat qilmoqda.

2021 yil 20-23 may kunlari mamlakatimiz voleyboli tarixida ilk marotaba faxriylar oʼrtasida Oʼzbekiston chempionati oʼtkaziladi. Bu ham albatta yurtimizda voleybolning yanada ommalashuviga xizmat qiladi.

Faxriylar oʼrtasidagi Oʼzbekiston chempionatida har bir jamoa tarkibidan 11 nafar voleybolchi (libero bilan birga) hamda bir nafar trener joy olishi mumkin. Jamoalar tarkibiga 40-44 yosh hamda 45-49 yoshdagi bir nafardan hamda 50 yosh va undan yuqori boʼlgan 9 nafar ishtirokchi kiritilishi belgilab qoʼyilgan.

Mazkur musobaqa sportchilik faoliyatini yakunlagan, biroq trenerlik faoliyati bilan mashgʼul boʼlmagan sobiq voleybolchilarga yana katta sport havosini his qilishlariga yordam beradi.