“Oʻzbekistonda jarrohlik boʻyicha yetakchi va nufuzli muassasa hisoblangan ushbu markaz koʻpmillatli ahil jamoasining fidokorona mehnati bilan mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida alohida oʻrin egallab kelayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz“, — deyiladi davlatimiz rahbarining qutlovida.
Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli hozirgi kunda markaz faoliyati yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Tibbiy diagnostika va davolashning ilgʻor va samarali usullari keng tatbiq etilmoqda.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda mazkur shifoxonada 200 dan ortiq yangi jarrohlik amaliyoti joriy etilib, eng murakkab va yuqori texnologik operatsiyalar bajarilmoqda. Tabrikda qayd etilganidek, ogʻir xastaliklardan aziyat chekayotgan qancha-qancha yurtdoshlarimiz koʻp vaqt va mablagʻ evaziga xorijdagi klinikalarga borish azobidan qutulib, oʻzimizda davo topmoqda.
Bunday natijalarga erishishda mamlakatimizda xirurgiya xizmatini isloh etish, hududlarda uning sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirish, markaz va uning filiallari moddiy-texnik bazasi hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi ishlar muhim omil boʻlmoqda.
Prezidentimiz markazning butun jamoasiga chin dildan minnatdorlik bildirib, eng ezgu tilaklarini izhor etdi, — deydi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Shuningdek, tadbirda Prezident farmoni bilan mukofotlangan markaz xodimlariga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.