Oliy sudining rasmiy telegram kanalida ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan Qashqadaryo viloyatidagi holat yuzasidan maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Koson tuman sudida R. T.(1978-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, ishsiz, muqaddam sudlangan)ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi. 

Aniqlanishicha, R. T. oxirgi bir yil davomida muttasil ravishda oʻzining 2009-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qizini har xil soʻzlar bilan haqoratlab, urib-doʻpposlab, qiynab kelgan.

Sud hukmiga muvofiq R. T. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. 

Ushbu hukmdan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish mumkinligi maʼlum qilinadi.