Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, yoshlar orasida turli yot gʻoyalar tobora keng tarqalishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa mamlakatimizda bunday holatlarni oʻz vaqtida oldini olish va ularga barham berish boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda.
2024-yil 5-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga oʻtkazilganligi ham ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning uzviy davomidir.
Mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi, shuningdek voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari joriy etildi.
Ushbu boʻlinmalar tomonidan maktablarda (10 134 ta) axloqiy-psixologik muhitni yaxshilash, oʻquvchilar oʻrtasida nazoratsizlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, oʻquvchilarda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat hissini shakllantirish, ularda qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish hissini shakllantirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrib kelinmoqda.
Shu bilan birga muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash, shuningdek oʻquvchilarning darslarga qatnashish davomatini yaxshilash boʻyicha eng asosiysi “Xavfsiz maktab” konsepsiyasi misolida maktablarda xavfsizlikni taʼminlash uchun muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tashkil etilgan lavozimlarda xizmat qiluvchi shaxslarga, shu jumladan voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlarga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlarining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarini berish zarurati yuzaga kelmoqda.
Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44450 ta Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 47-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishini taʼminlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari boʻyicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.
Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab toʻgʻri kelmoqda.
Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab boʻlmoqda.
Shu bois mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan umumtaʼlim maktablarida xizmat qiluvchi voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlar faoliyatida qonuniylikni taʼminlash, shuningdek, maktablarda psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish hissini shakllantirish, muammoli oʻquvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalarni samarali amalga oshirishga zarur shart-sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqildi.
Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, shuningdek bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.