Adliya vazirligi tomonidan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi 11-yanvar kuni muhokamalar portaliga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra, 18 yoshga toʻlmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish qoʻllanmaydi.

Bundan tashqari,

– ayolni homilasini sunʼiy tushirishga majburlash (taklif: 30 mln soʻmdan 60 mln soʻmgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari);

– nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish (taklif: 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish);

– shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (taklif: 300 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish);

– 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (taklif: 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish);

– unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (taklif: 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) uchun jazo ogʻirlashtirilmoqda.

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun javobgarlik (120 mln soʻmdan 180 mln soʻmgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari) belgilanmoqda.

Shuningdek, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi soʻzlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni koʻrsatuvchi harakatlar qilish uchun maʼmuriy javobgarlik (600 ming soʻmdan 1,2 mln soʻmgacha jarima) belgilanmoqda.

Qonun loyihasida koʻzda tutilishicha, voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlar haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilinadi.

Hujjat bilan shaxsning hayoti va sogʻligʻi, erkinligi, shaʼni va qadr qimmatiga, Oʻzbekistonga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat koʻrsatiladigan taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.

Loyihani qabul qilish Davlat budjetidan qoʻshimcha xarajatlarni talab qilmaydi. Maʼlumot uchun, muhokama jarayoni 26-yanvarga qadar davom etadi.