Shu bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 3 yanvar kuni “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori qabul qilindi.
Umuman olganda mamlakatimizda qilinayotgan ijobiy islohotlar avvalo “Inson qadri” degan ezgu g‘oyasini amalda ta’minlashga qaratilgan.
Voyaga yetmaganlarning o‘g‘rilik qilishi jamiyatda ko‘p uchraydigan muammolardan biridir. Bu hodisa nafaqat o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga, balki kelajakdagi avlodning rivojiga xam salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun, bu masalaning sabablarini tushunish va uning oldini olish choralarini ishlab chiqish muhimdir!.
Voyaga yetmaganlarning o‘g‘rilik qilishiga sabablarni oilaviy muhitning yaxshi emasligi. Ko‘p hollarda, o‘g‘rilik qilishning asosiy sabablardan biri sifatida oilada ota-onalarning bolalariga yetarlicha e’tibor bermasligi, oila ichidagi nizolar, bolalarning qiziqishlarini bilmaslikdir.
Oiladagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning doimiy bo‘lishi ishsizlik, moddiy qiyinchilik bolalarni nohaq yo‘llar bilan pul topishga undashi mumkin.
Shuningdek, ta’lim muassasalaridagi kamchiliklar ham bolalarni o‘g‘rilik qilishida muhim ro‘l o‘ynaydi. Maktablarda bolalarni ijtimoiy-iqtisodiy tengsizligi hamda ularga o‘qituvchilar tomonidan yetarli tarbiyani berilmasligi, ijtimoiy va axloqiy qadriyatlarga e’tiborsizligi oqibatida o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etilishiga olib kelishi mumkin. Ba’zi bolalar maktabdagi noqulay muhit yoki zo‘ravonlik ta’sirida o‘zlarini himoyalash uchun nohaq yo‘llarni tanlaydi.
Bundan tashqari, bolalarning atrofidagi salbiy xulq-atvorga ega bo‘lgan do‘stlari yoki jamoalar ularni jinoyat olamiga kirib qolishiga va do‘stlarining ta’sirida o‘g‘rilik kabi jinoyatlarni sodir etishi mumkin.
Psixologik omillar ham bolaning xulq-atvorini salbiy tomonga o‘zgarisha olib keladi. O‘zini kambag‘al, qaralmagan yoki haqoratlangan his qilishi ularni nohaq yo‘llarga kirgani sabab bo‘ladi. Ba’zi bolalar o‘zlarini kuchli va mustaqil deb ko‘rsatish uchun o‘g‘rilik kabi jinoyatlarga qo‘l uradi.
Bugungi kunda texnologiyalar, media va internetning bolalar ongiga salbiy ta’sir etuvchi jihatlari mavjud. Zamonaviy texnologiyalar va internet orqali ko‘rsatiladigan har xil tez daromad topishni tavsiya etadigan o‘yinlar bolalarning tez va ko‘proq mablag‘ orttirish hissini kuchaytirib, ularning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi bolalar kinolar yoki videolarda ko‘rgan o‘g‘rilik sahnalarini o‘zini hayotida sinab ko‘rishi mumkin.
Yuqoridagi salbiy holatlarni xususan voyaga yetmaganlarning o‘g‘rilik qilishini oldini olish choralari bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirish kerak?
Jamiyatda oilaviy tarbiyani kuchaytirish ota-onalar bolalariga yetarli e’tibor berishi, ularning muammolarini eshitishi va ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi kerakligi, oilada farzand va ota-ona o‘rtasidagi bir-biriga bo‘lgan hurmatni kuchaytirish, maktablarda bolalarga ma’naviy-axloqiy tarbiya va qadriyatlarni o‘rgatish, ularning ijtimoiy mahoratlarini rivojlantirish bolalarga haqiqiy hayotdagi qiyinchiliklarni to‘g‘ri hal etishni o‘rgatish muhim.
Bolalarning hayotida ijtimoiy dasturlarni kuchaytirish, ularning vaqtini samarali o‘tkazishi uchun sport, san’at, ilm kabi sohalarga jalb etish, yoshlar uchun ijtimoiy loyihalar va to‘garaklar tashkil etish, shuningdek, huquqiy targ‘ibot yo‘li bilan bolalarga jinoyatning oqibatlari haqida tushuntirishlar berish, ularni huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, mahalla va ta’lim muassasalari bilan doimiy hamkorlikda ishlashi, jamiyatning kelajagi bo‘lgan bolalarni jinoyatlarni sodir etmasligiga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida voyaga yetmaganlarning o‘g‘rilik qilishining sabablari turli ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik omillarga bog‘likligini, bu muammoni hal etish uchun oilaviy, ta’lim va ijtimoiy choralarni birgalikda amalga oshirishimiz lozim! Bolalarning ichki dunyosini tushunish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va ularning salohiyatini oshirish orqali o‘g‘rilik kabi jinoyatlarning oldini olish mumkin. Jamiyatning har bir a’zosi bu masalaning yechimiga hissa qo‘shishi lozim!
Abdurashidov Abdurauf,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat-protsessual huquqi
kafedrasi o‘qituvchisi