Argentinalik mashhur futbolchi Diyego Maradona 2020-yilning 25-noyabr kuni yurak yetishmovchiligi tufayli vafot etgan edi. Shundan soʻng uning oʻlimi bilan bogʻliq turli gap-soʻzlar paydo boʻldi. Uning yaqinlari vrachlarni Diyegoga vaqtida yordam bermaganlikda aybladi va bu ish bilan mamlakat prokuraturasi shugʻullandi.
Yaqinda ushbu tekshiruv natijalari eʼlon qilindi. France 24 xabarida aytilishicha, prokurorlar futbolchini davolash bilan shugʻullangan sakkiz nafar shifokorni ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirishda ayblagan. Bu shifokorlar orasida neyroxirurg va oilaviy shifokor Leopoldo Luke, ruhiy kasalliklar vrachi Agustina Kosachov, ruhshunos Karlos Diaslar bor.
Dunyo futboli yulduzlaridan biri, jahon chempioni, ikki karra Italiya chempioni, Argentina chempioni, FIFA soʻrovi boʻyicha XX asrning eng kuchli futbolchisi Diyego Maradona oʻz faoliyati davomida Italiyaning “Napoli”, Ispaniyaning “Sevilya”, “Barselona”, Argentina milliy terma jamoasi hamda koʻplab klublarida toʻp surgan. Shuningdek, faoliyati davomida bir nechta klub va milliy jamoaga murabbiylik ham qilgan.