WeChat Pay Oʻzbekiston toʻlov tizimlariga integratsiya qilinishi mumkin

    Markaziy bankda Xitoyning yirik texnologik kompaniyasi “Tencent Holdings Ltd” tarkibiga kiruvchi “Tencent Cloud International” delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda MB axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, uchrashuvda mamlakatimizdagi raqamli texnologiyalar va bulutli infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar “Tencent Holdings Ltd” tarkibidagi “WeChat Pay” raqamli toʻlov tizimini Oʻzbekistondagi mahalliy toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilish, QR-kod orqali toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatlari hamda ushbu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar toʻlov tizimlari sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab, kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni kelishib oldi.