Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida “Western International New Building Materials” yirik Singapur qurilish kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Voitov va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov ishtirok etdi.

Oʻzbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarishda Singapur kompaniyasining investitsiyaviy faoliyatini yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, kompaniya hozirda klinker sement ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha loyihani amalga oshirish imkoniyatlari ustida ish olib borayotgani maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston tomoni ushbu sohaning investitsiyaviy va sanoat salohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda qurilish materiallari ishlab chiqarishga iqtisodiy oʻsish drayverlaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilayotgani va shu sababli Singapur kompaniyasi ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishi uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani ilgari surishni jadallashtirish va yuzaga kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal etish maqsadida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.