“Women in Tech” endi O‘zbekistonda ham faoliyat olib boradi

    Raqamli texnologiyalar vazirligi binosida “Women in Tech Uzbekistan”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    “Women in Tech” notijorat tashkiloti xotin-qizlarning fan va texnologiyalar sohasida muvaffaqiyatga erishishida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Tashkilotning bosh ofisi Parijda joylashgan, qolaversa, 48 mamlakatda filiallari mavjud.

    Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda “Women in Tech” tashkiloti o‘z faoliyatini boshladi.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida tashkil etilayotgan ushbu tadbir zamonaviy kasblarda xotin-qizlar salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Women in Tech” tashkilotining mamlakatimizdagi reja va loyihalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

    Tadbirda xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, IT Park Uzbekistan, shuningdek, Respublikaning yirik IT-kompaniyalari vakillari hamda IT sohasiga qiziquvchilar ishtirok etdi.

    Ochilish marosimida maxsus mehmon – xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha xalqaro ekspert PauseFest, TEDx Ist, UFM Business Forum, GMI Summit va LEAP kabi global tadbirlar ishtirokchisi, Women in Tech Global kompaniyasi asoschisi Ayumi Mur Aoki ham qatnashdi. Ma’lumot o‘rnida, u dunyodagi TOP-100 nafar yetakchi ayollar ro‘yxatiga kiritilgan.

    Tadbir doirasida O‘zbekistondagi ayollar va qizlar uchun mazkur sohalardagi imkoniyatlarning yillik rejasi taqdimoti, Maslahatchilar kengashi taqdimoti hamda ushbu Kengash vakillari bilan texnologiya sohasidagi imkoniyatlar va muammolar, jumladan, gender masalalari yuzasidan panel muhokamalar o‘tkazildi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi yetakchi texnologiya kompaniyalari muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.

    Xorijlik mehmonlarga o‘zbek madaniyatining boy merosini tarannum etish, uning mumtoz va xalq amaliy san’ati, ijrochilik an’analari, urf-odat va marosimlarini namoyish qilish maqsadida madaniy konsert dasturi namoyish etildi.

    Interaktiv tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan bir qatorda, eng yaxshi savol egasi sifatida e’tirof etilib, sovg‘alarni qo‘lga kiritdi.