Viloyatda joriy yilning oʻtgan davrida qariyb 5 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshladi. Yarim yildan sal koʻproq vaqt ichida  bir hududda shuncha ishbilarmon oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishi, bizningcha, katta koʻrsatkich. Vaholanki, tadbirkorlik yoʻnalishida ish olib borayotgan biznes vakillari shu paytgacha bir qator toʻsiqlar mavjudligi bois, faoliyat yuritishi ancha mushkul boʻlgan. Oddiy misol, birgina loyihani amalga oshirish uchun qancha idoraga borishga, qogʻozbozlik qilib, ruxsat soʻrashga majbur edi. Bu kabi ovoragarchilikdan charchab, qoʻl siltab, boshlagan ishini tashlab ketganlar ham boʻldi. Shunday sansalorlik, turli bahonalar ortidan soha oqsab qolgan.

Albatta, tadbirkorni qoʻllab-quvvatlashga harakat bor edi, lekin ularning erkin faoliyat yuritishlariga xalaqit beruvchi omillar ham kam  emasdi. Soʻnggi yillarda bu borada keskin burilish yasaldi. Sohada yangi bosqich boshlandi. Odamlarda ishonch paydo boʻldi, ishtiyoq kuchaydi. Oʻz ishiga, kasbiga mehr oshdi. Navoiy viloyatidagi yetti oylik koʻrsatkich ana shu saʼy-harakatlar samarasi, aslida.

Yana bir eʼtiborli jihati, viloyatda 2018-yilgacha xorijiy kapital ishtirokida 56 ta korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, joriy yilga kelib ular soni  283 taga yetdi.

Xorijiy sarmoyadorlar jalb etilishi tarmoqlarga zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni olib kirish barobarida, bozorga yangi mahsulotlar yetkazib berishda ham qoʻl kelmoqda. Masalan, “Zarafshon industry texnology” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan xitoylik hamkorlar bilan qiymati 46 million dollar boʻlgan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi. Mazkur korxonada sulfat kislotasi ishlab chiqariladi. Yillik quvvati 200 ming tonna. Respublikamizda bunday mahsulot ishlab chiqaruvchi koʻp emas. Shundan maʼlumki, mahsulot omborlarda, rastalarda turib qolmaydi.

Mutaxassislar, ishbilarmonlar har qanday faoliyat rivojida uch omil — tajribali mutaxassis, moddiy-texnik baza va munosib mehnat sharoiti muhimligini taʼkidlashadi. Shu jihatdan olganda, korxona jamoasi bundan xavotirlanmasa ham boʻladi. Chunki korxonada ularning barchasi mavjud. 

Ayni paytda tadbirkorlik sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida viloyatda qurilish sanoati ham rivojlanib borayotganini eʼtirof etish joiz. Qisqa davrida ushbu yoʻnalishda 458,6 million  dollarlik 535 ta loyiha amalga oshirildi. Yaʼni shu tarmoqning oʻzida yiliga yuzdan ziyod loyiha amalga oshirildi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyatining xomashyo zahirasidan foydalangan holda joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida 171,1 million dollar qiymatidagi  52 ta loyiha bajariladi.

Navoiy shahridagi erkin iqtisodiy zonada faoliyat yuritayotgan “Zarafshon golden group” korxonasi bino va koʻp qavatli turarjoy uchun temirbeton va gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarishda yetakchi tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Mazkur koʻp tarmoqli tadbirkorlik subyektiga “Gazobeton va temirbeton mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish uchun investitsiya majburiyatlarini bajarish shartlari bilan jami 5,5 gektar yer maydoni bino va inshootlari bilan nol qiymatda ajratib berilgandi. Ayni paytda korxonada temirbetonning 70 turi ishlab chiqarilayotgan boʻlsa, gazobeton tayyorlash hajmi yiliga 150 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Har ikki loyiha uchun Xitoy, Rossiya, Italiya, Ispaniya va Turkiyadan zamonaviy texnologiyalar olib kelingan. Natijada 500 dan ziyod kishining bandligi taʼminlandi.

Tadbirkorlik rivoji haqida soʻz borganda, tarmoqqa tatbiq etilayotgan yangiliklarni alohida aytib oʻtish joiz. Xususan, davlatimiz rahbarining tashabbusi — “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi viloyatdagi kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirish hamda ishlab chiqarishni samarali tashkil etishda qoʻshimcha imkoniyatlar bermoqda. Chunki dasturda ishtirok etadigan tadkbirkorlarga soliq, bojxona toʻlovlarida imtiyozlar taqdim etilishi ularning ushbu tashabbusga qiziqishini oshirmoqda. Birgina Navoiy shahri “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan 2 ming 200 kishi hududda faoliyat yurituvchi korxonalarga biriktirilib, bandligini taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.

— Bugungi kunda Navoiy shahrida 6 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ushbu dastur amaliyotga kiritilganidan keyin 200 dan ortiq ishbilarmonlar murojaat qilishib, oʻz takliflarini bildirishdi, — deydi shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Oʻtkir Xaqberdiyev. — Ayni paytda Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi orqali ularning arizalari qabul qilinib, tegishli tartibda jarayonga kiritilmoqda. Bu dastur tadbirkorni ham, oddiy aholini ham qoʻllab-quvvatlashda muhim vosita boʻldi.

Haqiqatan ham, Navoiy shahrida “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ixtiyoriy ishtirok etish istagini bildirgan tadbirkorlar soni kun sayin koʻpaymoqda. Shu sababli, masʼullar muntazam ravishda uning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan targʻibot tadbirlarini tashkil etishyapti.

Viloyatda tadbirkorlar qulay muhit, yaratilayotgan imkoniyatlar va berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanib, yurtimiz iqtisodi rivojiga munosib hissa qoʻshishga harakat qilmoqda. Muhimi, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va mavjud muammolarini hal etish davlat eʼtiborida.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri