Xalq bilan muloqot – qalb bilan muloqot

    Ijtimoiy hayot 3 Mart 2021 4039

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonalariga 2020-yilda 18 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularning 11 mingdan ortigʻi qanoatlantirilgan, 5 yarim mingtasiga esa tushuntirishlar berilgan.

    Joriy yilning shu davriga qadar esa 3 887 ta murojaat kelib tushib, ularning yarmidan koʻpi qanoatlantirilgan, 687 tasiga tushuntirish berilgan, qolgan 1 ming 826 tasi hozir koʻrib chiqish jarayonida.

    Aniq misollarga oʻtsak. Kattaqoʻrgʻon tumani – Samarqand viloyatining olis va chekka hududlaridan sanaladi. Tumanda Xalq qabulxonasi, sektor rahbarlari hamkorligida aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini tizimli oʻrganish va uni hal etish choralari koʻrilmoqda. Kadan-Oqtepa avtomobil yoʻli Kattaqoʻrgʻon tumanini Ishtixon tumani bilan bogʻlaydi. Afsuski uzoq yillar mazkur yoʻl taʼmirtalab ahvolga kelib qolgani bois qishda loy, yozda esa chang toʻzon boʻlib ketar edi. Bu esa nafaqat haydovchilar uchun, balki aholi uchun ham katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarardi. Hattoki, ushbu yoʻlda piyodalar yoʻlakchalarining yoʻqligi sabab aholi yoʻlning qatnov qismidan harakatlanishga majbur boʻlardi. Hudud aholisining Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatidan soʻng, mazkur yoʻlda taʼmirlash ishlari boshlanib ketdi. Hozirda yoʻl 6 metrdan 8 metrga kengaytirilib, ariqlarga beton lotoklar oʻrnatilmoqda. Ayni paytgacha yoʻlning 8 kilometriga asfalt qoplamasi yotqizildi.

    “Mundiyon” mahallasi Kattaqoʻrgʻon tumanining aholisi eng koʻp hududlaridan sanaladi. Shu vaqtga qadar mundiyonliklarni qishloqda maktabgacha taʼlim tashkilotining yoʻqligi masalasi qiynab kelardi. Ular ham farzandlarini bogʻchaga borishini, bilim olishini, sport bilan shugʻullanishini istashar edi. Murojaatdan soʻng mahallada davlat xususiy sherikchilik asosida yangi va zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti qurib bitkazildi. Ayni paytda bu yerda 120 nafar bolajonlarimiz taʼlim-tarbiya olishmoqda. Shaharnikidan aslo qolishmaydigan, barcha shart sharoitlarga ega bogʻchaning tashkil qilinishidan qishloq aholisi mamnun. Muhimi, bu yerda 20 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilib, opa-singillarimiz ishli boʻlishdi.

    Tumanning “Javlon” mahallasi aholisini esa elektr energiya taʼminoti bilan bogʻliq muammo qiynab kelar edi. Gap shundaki, mahallada aholi sonini oshishi sababli oʻrnatilgan eski transfarmatorning quvvati yetishmay, elektr energiyasidagi uzilishlarni keltirib chiqarayotgan edi. Fuqarolarning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatidan soʻng, ushbu mahallada qoʻshimcha ravishda yangi transfarmator oʻrnatildi hamda 350 metr uzunlikda yangi tarmoq tortildi. Buning natijasida esa hududdagi 60 ta xonadonni uzluksiz energiya bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi.

    Aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi amaliy natijalarni togʻli Urgut tumani misolida davom ettiramiz. Urgut tumanining “Bunyodkor” mahallasida yashovchi tadbirkor Oʻktam Boboyev oʻz tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida hamda zarur xom ashyo sotib olish uchun kredit olish maqsadida bankka murojaat qiladi. Ammo uning murojaati ortga surilib kelayotganiligi bois, u oʻtkazilgan sayyor qabulda ayni shu masalada amaliy yordam soʻrab, murojaat qiladi. Unga 100 mln soʻmlik kredit ajratib berildi.

    “Gʻoʻslik” mahallasi Urgut tumanining 4-sektor hududida joylashgan. Mazkur mahallada yashovchi Dilorom Toshkentboyeva ham sektor rahbari va Xalq qabulxonasiga tikuvchlik sexi tashkil etish, buning uchun esa tikuv mashinalari xarid qilish uchun amaliy yordam soʻrab murojaat qiladi. Uning murojaatidan soʻng unga kredit olishda yordam koʻrsatildi hamda tikuv mashinlari olinib, 6 nafar “Temir daftar” da turgan ayollar bandligi taʼminlandi.

    Bugun Xalq qabulxonalari koʻproq fuqarolar bilan uyma-uy yurib, sayyor tartibda murojaatlarni oʻrganishi natijasida koʻplab muammolar sektor rahbarlari ishtirokida shu yerning oʻzida yechim topmoqda. Eng avvalo, mutasaddi tashkilot va idoralarning murojaatlarni koʻrib chiqishida shaxsiy masʼuliyati oshirildi, muammolar amalda hal etishiga qarab ular faoliyatiga baho berilishi - bu naqadar samarali tizim ekanligini hayotning oʻzi amaliy tasdiqladi.