Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Narbayevaning navbatdagi topshiriq xatida joylarda Murojaatnoma mazmun-mohiyatini targʻib etish hamda hududiy dasturlarni tayyorlash masalalari yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarini oʻtkazish boʻyicha ish reja ishlab chiqilib, kun tartibi tasdiqlab olindi.

Bundan tashqari, topshiriq xatiga asosan, “Xalq davlat idoralariga emas davlat idoralari xalqqa xizmat qilish kerak” shiori ostida joriy yilning 11-15-yanvar kunlari Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q. Burxanov hamda senator M. Qodirxanova aholi orasida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlab tegishli choralar koʻrish maqsadida hududlarda oʻrganish ishlarini olib bormoqda.

Ishchi guruh dastlab, viloyat hokimligida Senatga moddiy yordam, ishga joylashish, uy-joy, kommunal xizmati, elektr tarmoqlaridagi qisqa uzilishlar hamda ichimlik suvi bilan bogʻliq murojaatlarni yoʻllagan fuqarolar bilan uchrashdi.

Sayyor qabul davomida Bekobod tumanida istiqomat qilib kelayotgan N.Sariboyevaning murojaati oʻrganilar ekan, ancha yillardan buyon qiynab kelayotgan bu muammoga yechim topildi. 4 nafar farzandini (bir nafari nogiron) yolgʻiz boqayotgan ona imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joy bilan taʼminlandi.

Shuningdek, aholidan kelib tushgan murojaatlarni joyida hal etish borasida aniq va tezkor choralar koʻrildi. Yechimi maʼlum vaqt talab etiladigan murojaatlar boʻyicha tegishli tashkilotlarga koʻrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Margʻuba Sultonova,

Toshkent viloyati Axborot xizmati bosh mutaxassisi