Monitoring davomida farmon talablarining xalq deputatlari tuman va shahar kengashlari tomonidan ijro etilishi oʻrganildi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, eng qoniqarsiz koʻrsatkich Buxoro viloyatida qayd etildi, xususan, viloyatda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari tomonidan oʻtkazilgan jami sessiyalarning 81 foizi jonli translyatsiya qilinmagani maʼlum boʻldi. Bu boradagi nisbatan eng yaxshi koʻrsatkich Andijon viloyatida qayd etilib, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari tomonidan oʻtkazilgan jami sessiyalarining faqatgina 36 foizi jonli translyatsiya qilinmagan.
Natijalar viloyat kengashlari kesimida tahlil qilinganda, xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi oʻrganish davridagi barcha sessiyalarni toʻliq jonli efirga uzatgan yagona viloyat kengashi boʻldi. Tuman kengashlari kesimida esa Toshkent viloyatining xalq deputatlari Bekobod va Boʻstonliq tuman kengashlari tomonidan oʻtkazilgan barcha sessiyalar toʻliq hajmda jonli efirga uzatilgan.
Shuningdek, monitoring davomida Internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatilgan bir qator kengash sessiyalarining toʻliq boʻlmagan shaklda qisman (bir necha daqiqagina) translyatsiya qilinish holatlari ham kuzatildi.
Oʻrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy kengashlarga farmon talablaridan kelib chiqib, kelgusida oʻtkaziladigan barcha kengash sessiyalarining jonli efirga uzatilishi lozimligi toʻgʻrisida koʻrsatma berildi, deb xabar beradi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.